Joriy yilda 20 ta yangi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi

Tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida shu fikrlar bildirildi.
Bog‘cha yoshidagi bolalarning bog‘chaga qamrovini oshirish borasida amalga oshirilgan va navbatdagi ishlarga bag‘ishlangan tadbirda Samarqand tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Orifjon Marupov ishtirok etdi.
Anjumanda qayd qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, tumanda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish hamda 3-7 yoshli bolalar qamrovini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar belgilab olingan. Shuningdek, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim–tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida rejali va maqsadli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanib, u har tomonlama sog‘lom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda tumanda jami 22 ming 559 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar mavjud. Shundan 14 ming 459 nafari (64,1%) tumanda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 180 ta (42 ta davlat, 9 ta DXSH, 124 ta oilaviy, 5 ta xususiy) maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.
2022-yil yakuni bilan tumanda 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov foizi 64,1 foizni tashkil etgan bo‘lib, 2023-yilda qamrovni oshirish maqsadida maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgan. Yo‘l xarita asosida yil yakuniga qadar “Obod mahalla” dasturi asosida 1 ta 60 o‘rinli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, investisiya dasturi asosida 26, 27-sonli DMTTlari qayta rekonstruksiya qilinishi va mavjud quvvati 120 o‘ringa oshirilishi, 20 ta yangi oilaviy (350 o‘rinli), 10 ta majburiy bir yillik bepul maktabga tayyorlov guruhlari 
(150 o‘rinli) tashkil etilishi belgilab olingan. Buning natijasida qo‘shimcha 680 nafar bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinadi.
Yil yakuniga qadar 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrov darajasi 67,1 foizni (15 ming 139 nafarni) tashkil etishi rejalashtirilgan. 
To‘g‘ri, bugungi kunda bu qamrov qoniqarli deb bo‘lmaydi. Aholi sonidan kelib chiqib, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish lozim. Maktabgacha yoshidagi bolalar uchun maktabga tayyorlov guruhlari “Ilm yo‘li” o‘quv dasturi ishlab chiqilib, amaliyotda joriy etilgan. Mazkur o‘quv dasturi boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari bilan muvofiqlashtirilgan. Tumandagi 36 ta DMTTda tuman xalq ta’lim bo‘limi bilan hamkorlikda maktab binolaridagi bo‘sh xonalaridan samarali foydalanish maqsadida 64 ta majburiy bir yillik guruhlari tashkil qilingan.

2015-2024 © GOVERNMENT OF DISTRICT. Maked by: SAKTRM