Samarqand tumanidagi ko‘chaga Usta Umar Jo‘raqulov nomi berildi

Samarqand tumanidagi Qoziariq, Jo‘yisoy, Qo‘shtamg‘ali mahallalaridan o‘tuvchi Shuhrat ko‘chasi Usta Umar Jo‘raqulov nomiga o‘zgartirildi.

Bu haqda viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Usta Umar Jo‘raqulov 1894 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Usta Umar oilasiga mansub kulollarning nasl-nasabi 300 yildan oshadi. Katta bobolar hunari Umarning otasi Jo‘raqulga meros bo‘lib, u yirik kulolchilik – xum va tandir ustasi sifatida tanilgan.

Otasi kasbini davom ettirgan usta Umar mohir kulol-haykaltarosh sifatida mashhur bo‘lgan. U 1953 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.

Shuningdek, Jomboy tumanidagi nomsiz ko‘cha nomi komissiya qarori bilan Ahmadjon Qurbonov deya ataladigan bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushi qahramoni, tajribali komandir Ahmadjon Qurbonov Jomboy farzandi. U “Oltin yulduz”, jangovar “Qizil Bayroq”, III darajali “Kutuzov”, “Suvorov”, “Qizil yulduz”, I darajali “Vatan urushi” ordenlari va ko‘plab medallar bilan taqdirlangan.

Endigina 24 yoshni qarshilagan Ahmadjon Qurbonov Polshani ozod etish uchun olib borilgan janglarda halok bo‘lgan. U Kuyavsk-Pomorsk shahri, Shinix (Shыnыx) qishlog‘idagi birodarlik qabristonida dafn etilgan.

Janglarda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun mayor Ahmadjon Qurbonovga “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoni berilgan.

2015-2024 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM