9 may – Xotira va Qadrlash kuni

Ikkinchi jahon urushi begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan dunyodagi eng dahshatli qirg‘inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.
Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib kelmoqda.
Shuning uchun bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan.
Ana shunday ulug‘ bayramlardan biri, 9 may – Xotira va Qadrlash kunidir. Samarqand tumanida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali tadbir tuman markazida joylashgan xotira maydonidagi motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.
Unda tuman hokimi, sektor rahbarlari, nuroniylar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Ikkinchi jahon urushida xalok bo‘lgan urush qatnashchilari yod etildi. Vatan ozodligi yo‘lida halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.

2015-2024 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM