Zafar Karimov, Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi raisi: Sudlar faoliyati samaradorligi oshiriladi

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini berdi.
Shu bilan birga “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.
2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni shular jumlasidan.
Mazkur farmon asosida 2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi. Strategiya doirasida quyidagilar odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib belgilandi.
Xususan, “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilish. Shuningdek, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish ustivor vazifalardan biri bo‘ldi. Fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ham “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishda muhim omil sanaldi.
Bundan tashqari 2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash belgilangan.
Albatta odil sudlovni ta’minlash borasidagi har bir qadam inson qadri uchun. Bunda shaffoflik ham muhim omil sanaladi. Farmonda ana shu jihatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda prosessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish belgilab qo‘yildi. Ishlarni viloyat, tuman (shahar), mahalla kesimida toifalarga ajratgan holda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni tahlil qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, nizolarni bartaraf etishga qaratilgan ma’lumotlarni tayyorlash, sud majlislari o‘z vaqtida o‘tkazilishini, server uskunalari va dasturlarning ishlash holatini doimiy nazorat qilish ko‘rsatilgan. Shuningdek, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etiladi. Oliy sud Konstitusiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalari Assosiasiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash ham ilgari surilgan.

2015-2024 © Хокимият Самаркандского района. Разработан в: SAKTRM