Mulkdorlar ko‘magida 3 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi

 

Samarqand viloyatida joriy yilda 1 ming 325 ta fermer xo‘jaligini ko‘p tarmoqliga aylantirish vazifasi belgilangan. Jumladan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida 2 ming 338 gektar maydonda intensiv bog‘, sal kam 3 ming gektarda yangi tokzor, 327 gektar qulupnay, 38.9 gektarda issiqxonalar barpo etiladi. Ayni vaqtda 1 ming 164 ta fermer xo‘jaligida 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar boshlanib, 3 ming 709 dan ortiq ish o‘rni yartildi

Shuningdek, meva-sabzavot, sut va go‘sht, non va non mahsulotlarini qayta ishlash, sovutkichli omborxonalar qurish ham e’tiborda ekanligi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani haqida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuvda alohida qayd etildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi tijorat banklari ajratgan 42 milliard 821 million so‘m evaziga 88 ta intensiv bog‘, 33 ta tokzor, 81 ta qulupnayzorlar barpo etish loyihasi amalga oshirildi. Shuningdek, 5 milliard 804 million so‘m evaziga 76 ta fermer xo‘jaligida baliqchilik va asalarichilik, 5 milliard evaziga 51 ta fermer xo‘jaligida qo‘ychilik, echkichilik, 33 milliard so‘m evaziga esa 341 ta fermer xo‘jaligida servis xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan amaliy uchrashuvda Farg‘ona, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Samarqand viloyatlaridan vakillar ishtirok etdi.

Unda joriy yil hisobidan 132 ta fermer xo‘jaligida qoramolchilik va parrandachilik, 79 ta fermer xo‘jaligidan baliqchilik va asalarichilik, 57 ta fermer xo‘jaligida qo‘ychilik va echkichilik, 373 ta fermer xo‘jaligida 407 ta servis xizmatlarini qamrab oladigan loyihalarni amalga oshirish boshlangani haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

– 2007 yilda tashkil etilgan “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaligi turli yo‘nalishlarda yetarlicha tajriba yig‘di, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Murodilla Turdiyev. – Xo‘jalikning 115 gektar yeri bo‘lib, unda bog‘, uzumzor tashkil etilgan. 3 gektarda sabzavot, 45 gektarda ozuqabop ekinlar yetishtiriladi. Go‘sht yo‘nalishida 21 ming bosh parranda, 298 bosh qoramol parvarishlanmoqda. Har xil turdagi yashik (taralar) ishlab chiqariladi. Xo‘jalikning 1250 tonnalik sovutkichida mevalar saqlanmoqda.

Bu kabi qilingan ishlarni guvohi bo‘lgan boshqa fermerlar faoliyatini kengaytirish borasidagi barcha savollar va o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda ko‘rgazmali seminar davomida javoblar oldi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM