Yangiariqlik ikki ayol qamaldi, 11 nafari jarimaga tortildi

2021 yil 26 sentyabr kuni soat 12:10 da Samarqand tumani “Yangiariq-1” mahallasi Chungul ko‘chasida yashovchi 13 nafar fuqaro mahallada tabiiy gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, Samarqand “M-37a avtomobil halqa yo‘li”ning 8-9 kilometrida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan.
Ushbu mahalla, 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tabiiy gaz tarmog‘idan uzilib, suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Ushbu mahallaga Samarqand tumani Gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan ohirgi marotaba joriy yilning 29 iyul kuni suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar bilan Samarqand tumani hokimligi binosida sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilot xodimlari ishtirokida tushuntirish ishlari olib borildi. Samarqand tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudiga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 27 sentyabr kunidagi qarori bilan 13 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Xususan, huquqbuzarlikning ikki nafariga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa, qolgan 11 nafariga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.
Bugun sektor rahbarlari ishtirokida ushbu mahallada yig‘ilish o‘tkazildi. Sodir bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish, turli namoyishlarni tashkil etmaslik, bu kabi holatlar uchun qonunda belgilangan tartibda jazo qo‘llanilishi tushuntirildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM