Nega Shafoat Olimovaning murojaati rad etildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyunda “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.

Farmonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar to‘g‘risida huquqiy tushuncha keltirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida sug‘oriladigan yer uchastkalarini ajratish, ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.

Tuman hokimining navbatdagi qabuliga Diyor mahallasida yashovchi Shafoat Olimova hamda uning farzandlari ana shunday yerlardan uy-joy qurishga ruxsat so‘rab keldi. Murojaatda Samarqand tumani MCh “Gulobod agrotexservis” agrofirmasi hududidagi, ya’ni Diyor mahallasidagi “Sadinov To‘xtamurodbek TST” fermer xo‘jaligining sug‘oriladigan, alohida qiymatga ega bo‘lgan yer maydonidan uy-joy qurish istagini bildirdi. Hokim mazkur murojaatni rad etib, sug‘oriladigan yer maydonlariga qurilish qilish ta’qiqlanganligi, uy-joy qurish uchun yer uchastkasini olish faqatgina “E-IJRO AUKSION” elektron onlayn-savdo orqali amalga oshirish mumkinligini tushuntirdi.

Bundan tashqari tumandagi “Parrandachilik” mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan imtiyozli kredit asosida uy-joy olish taklifini ham bildirdi.

Qabul davomida shu kabi 20 ga yaqin murojaatlar eshitildi. Uy-joy ta’miri, tadbirkorlik qilish uchun yer maydoni ajratish, moddiy yordam, ish bilan ta’minlanish, tibbiy-ijtimoiy yordam masalalari ham ko‘tarildi. Murojaatlarning aksariyati ijobiy yechim topdi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM