Sifatli mahsulotlar ham almashtirilishi mumkinmi?

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovarni sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Bu yerda «maqbul sifatli» deyilmoqda. Ya’ni tovarning hech qanday nuqsonlari yo‘q, u iste’molga yaroqli, sifatiyam yaxshi. Xo‘sh, unda almashtirib olish nimaga kerak, deyishingiz mumkin. Qonunga binoan, iste’molchi sifati yaxshi tovarni ham almashtirib olishi mumkin. Faqatgina bunda unga o‘sha sotib olingan tovarning qandaydir iste’mol xossalari mos kelmagani sabab bo‘la oladi. Siz oyoq kiyimi oldingiz, lekin uning o‘lchami biroz mos kelmadi yoki rangi yoqmadi va boshqa shu kabi holatlar.

Iste’molchining tovarni almashtirib olishga tovar sotib olingan kundan e’tiboran 10 kun ichida huquqi bor. 10 kunlik muddat o‘tib ketgach bu huquqdan mahrum bp'ladi.

Shuningdek, sifatli tovarlar qaytarilganda ular iste’mol qilinmagan bo‘lishi, tovar ko‘rinishini yo‘qotmagan, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan holatda bo‘lishi kerak.

Shunday holatga duch kelsangiz Samarqand tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining 1091 qisqa raqamli hamda +99897 913-74-54 teleflon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Sizning huquqingiz qonun himoyasida!

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM