Rasmiy munosabat

“Zarafshon” gazetasining 2022 yil 7 aprel kungi sonida “Samarqand tumanida sportga e’tibor berilmaydimi?” nomli maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Bugun tuman hokimi S.Usmanov tumandagi 1 va 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabiga holatga aniqlik kiritish va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni joyida bartaraf etish maqsadida tashrif buyurdi.
O‘rganish davomida 1 va 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasi va faxriy murabbiylari bilan suhbat o‘tkazilib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar eshitildi. 
Shuningdek, muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘quvchilarning mashg‘ulot o‘tashlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabining ta’mirtalab sport zalini joriy yilda mahalliy byudjet hamda homiylar mablag‘lari hisobidan ta’mirlash, 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabiga yangi sport zal, sportchilar uchun kiyinish va yuvinish xonalari qurish ishlari 2023 yilda amalga oshirilishi belgilab olindi.
Shu bilan birga, ommaviy sportni targ‘ib qilish va rivojlantirish uchun har bir ta’lim muassasasiga malakali o‘qituvchi-murabbiylarni jalb etish hamda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida xalqaro miqyosda chempion bo‘lgan sportchilarimiz bilan uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

 

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM