Uchta maktab o‘quvchilariga 225 million so‘m berildi

Har yili ingliz, nemis, fransuz tillari (xorijiy tillar) o‘qitiladigan maktablar o‘rtasida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘tkaziladi. Respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan maktabga 500 mln so‘m mukofot beriladi.
Tanlovda har bir maktabdan bitta til bo‘yicha bitta terma jamoa ishtirok etishi mumkin. Terma jamoa 7−9-sinflarda o‘qiydigan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topadi.
Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqichda (tuman bosqichi) — ishtirokchilarning xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari vositasida sinovdan o‘tkaziladi.
2-bosqichda (viloyat bosqichi) — ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), o‘qish (reading) va leksik-grammatik ko‘nikmalari baholanadi.
3-bosqich (respublika bosqichi) — har yili avgust oyida. Mazkur bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikasiyalangan standartlari asosida sinovdan o‘tkaziladi hamda tegishli til ona tili sifatida foydalaniladigan mamlakatlar haqidagi bilimi tekshiriladi.


Samarqand tumanidagi 10, 16 va 45 umumta’lim maktablari jamoasi ushbu tanlovning birinchi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1, 2 va 3 o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur ko‘rik-tanlovning keyingi, viloyat bosqichida tumandagi 10-IDUM jamoasi faol ishtirok etib, birinchi o‘ringa munosib bo‘ldi. Tanlov nizomiga asosan birinchi o‘rin sohibi 250 million so‘m bilan mukofotlandi.
Tuman xalq ta’limi bo‘limida o‘tkazilgan tadbirda mazkur ko‘rik-tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan maktablar jamolari taqdirlandi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari D.Azizova, xalq ta’limi bo‘limi mudiri B.Mardonovlar o‘quvchilarning kelgusi faoliyatlariga omad tilashdi.


Gʻolib jamoalarga, 16-umumta’lim maktabi jamoasiga 50 million so‘m, 45-umumta’lim maktabi o‘quvchilari 75 million so‘m va 10-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi jamosiga esa 100 million so‘m pul mablag‘lari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tanlovning Respublika bosqichida 10-IDUM jamoasi qatnashadi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM