Logistika markazi fermer xo‘jaligining o‘zida

Samarqand tumanidagi transport logistikasi va eksportchi korxonalar tomonidan o‘tgan yil 22,6 million AQSH dollari miqdorida qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan. Bu yil esa ushbu ko‘rsatkichni 24,5 million dollardan oshirish ko‘zda tutilgan. Joriy yil boshidan buyon 6,7 million dollarlik mahsulotlar xorijga sotildi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash borasida boy tajriba to‘plagan tumanda ushbu yo‘nalishda eksport hajmini muttasil oshirib borishda ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan 4 ta transport logistika markazlarining o‘rni katta.

– Yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari xorijiy davlatlarda juda xaridorgir, – deydi Samarqand tuman hokimligi investisiyalar va tashqi savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Fayoz Rahmatov. – Keyingi yillarda sohaga qaratilgan alohida e’tibor, fermer va tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. Ya’ni, xalqimiz ehtiyojidan bir necha barobar ko‘p mahsulot yetishtirilib, eksportga chiqarish imkoniyati oshyapti. Bu tadbirkor va fermer uchun, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligi uchun juda muhim. Lekin xorijga mahsulot eksport qilishning o‘zi bo‘lmaydi, bu borada xalqaro standartlar, har bir mamlakatning o‘z tartib va me’yorlari bor. Tumanimizdagi logistika markazlari bu borada tadbirkor va fermerlarga yaqindan yordam bermoqda. Ushbu maskanlar qishloq xo‘jalik mahsulotlarni zamonaviy sovutkichli omborlarda saqlash, qadoqlash va maxsus transportlarda xorijiy davlatlarga yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
“Nurshodbek Agro” fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish barobarida o‘z logistika markazi orqali eksport bilan shug‘ullanib kelayotgan sub’yektlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda 3,5 million dollarlik mahsulotni xorijga sotishni rejalashtirilgan xo‘jalikda 1200 tonna sig‘imdagi muzlatkichli omborxona mavjud.

– Bugungi kunda o‘zimizning xo‘jaligimizda va boshqa fermerlar tomonidan yetishtirilgan karam, qizil lavlagi, pekinka, gul karam, piyoz, sarimsoqpiyoz, yapon turpi (daykon) kabi mahsulotlarni Rossiya va Belarusga eksport qilyapmiz, – deydi fermer xo‘jalik rahbari Otabek Rahmatullayev. –Yil boshidan buyon 1 million dollarlik shu kabi mahsulotlar xorijlik hamkorlarimizga yetkazib berildi. Bunda asosan, xo‘jaligimiz tarkibidagi logistika markazida mavjud 20 dan ortiq maxsus transport vositalaridan foydalanyapmiz. Bugungi kunda xorijdan buyurtmalar ko‘payib bormoqlda. Shundan kelib chiqib, yangi logistika markazi qurishni boshladik. Yil yakuniga qadar markaz ishga tushirilib, eksport hajmini yanada oshirishni rejalashtirganmiz.

Tumandagi “Ansorjon Agro Saxovati” hamda “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaliklari tarkibidagi logistika markazlari orqali joriy yilda 4 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xorijlik hamkorlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Tuman mas’ullarining ma’lum qilishicha, yil yakuni bilan bu raqamlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar mavjud.

Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM