Nega bizda nikoh shartnomasi tuzishga e’tibor sust?

Nikoh shartnomasi Oila kodeksi qabul qilingan 1998 yilda paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, chet elda, masalan, Germaniyada uni tuza boshlaganlariga 100 yildan oshdi. Lekin o‘tgan 24 yil ichida nikoh shartnomasiga munosabat qonun talabi darajasida emas.

Bizda nikoh shartnomasi bilan bog‘liq milliy qonun hujjatlari ba’zi xorijiy mamlakatlarning oilaviy-mulkiy huquqidan farq qilib, nikoh shartnomasi bilan faqat er va xotinning mulkiy munosabatlarini tartibga solishga ruxsat beradi. Nikoh shartnomasining predmeti ko‘chmas mulk (kvartiralar, uylar, yer uchastkalari va boshqalar), mashinalar, motosikllar, pul mablag‘lari, boshqa mol-mulk bo‘lishi mumkin.

Biroq nikoh shartnomasida "xotinning oyda ayni qancha ovqat tayyorlashi" sharti yoki boshqa shaxsiy majburiyatlar qancha bo‘lishi kerakligini nazarda tutish mumkin emas. Shuningdek, nikoh shartnomasida bolalarga nisbatan aliment to‘lash majburiyatini ham belgilab bo‘lmaydi. Nikoh shartnomasi erga (yoki xotinga) ikkinchi tarafning erki, irodasi, xohishini, ya’ni Fuqarolik kodeksida shaxsiy nomulkiy munosabatlarga kiritilgan barcha narsalarni cheklash huquqini bermaydi. Masalan, sudga murojaatda er-xotinning huquqini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, oila a’zosini ishdan ketishga yoki oliy o‘quv yurtiga kirishga majburlab bo‘lmaydi. Agar bunday shartlar nikoh shartnomasiga kiritilsa, uni ushbu qismida haqiqiy emas deb topish mumkin.

Nikoh shartnomasini tuzarkan, er va xotin birgalikda, umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir. Ya’ni, ular nikoh davrida qo‘lga kiritgan barcha narsa endi o‘rtasidan bo‘linmaydi (qonunga ko‘ra), ularning har biriga mol-mulkning shartnoma bilan belgilangan qismi tegishli bo‘ladi.

Masalan, agar to‘ydan keyin er-xotin birgalikdagi pulga kvartira sotib olgan bo‘lsa, nikoh shartnomasisiz ajrashishda er-xotinning har biriga ushbu kvartirada 1/2 ulushdan tegishli bo‘ladi. Agar nikoh shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, ajrashish va birgalikda yig‘ilgan mol-mulkni bo‘lishda sudya uning qoidalariga tayanadi. Shartnomada er-xotinning kelishuviga qarab kvartira ajrashilgandan keyin er yoki xotinning mulkiga o‘tadi yoki umuman sotilishi kerak deb qayd etilishi mumkin.

Birgalikdagi umumiy mulk rejimi bir yoki bir nechta buyumga nisbatan belgilanishi mumkin. Bunda uni er-xotinning mol-mulki qonuniy rejim doirasida birgalikdagi mulkka kelib tushmaydigan narsalarga nisbatangina qo‘llagan ma’qul.

Nikoh shartnomasi o‘z tabiatiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy shartnomadir. U bilan bog‘liq masalalar Oila kodeksi me’yorlari bilan tartibga solinadi, biroq ayni vaqtda unga nisbatan Fuqarolik kodeksining shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalari qo‘llanadi. Bunday shartnoma, basharti u ikkala tarafning roziligi bilan, er-xotinning ikkovi shaxsan hozirligida tuzilgan va notarial tasdiqlangan bo‘lsa, kuchga kirgan deb e’tirof etiladi. Nikoh shartnomasining o‘ziga xosligi yana shundan iboratki, u albatta notarial tasdiqlanishi kerak. Ushbu amalsiz shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi va, binobarin, hech qanday huquqiy oqibatlarni tug‘dirmaydi.

Shartnoma ancha qat’iy shartlarni nazarda tutadi va ularni bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechib bo‘lmaydi. Biroq, agar er-xotinning ikkovi shartnoma bandlarini o‘zgartirishni xohlasa, uni qayta yozish mumkin, biroq notarius yana uni albatta tasdiqlashi shart.

Nikoh shartnomasi nikoh bekor qilingan paytdan boshlab, uning amal qilish muddati tugagandan keyin (aytmoqchi, u muayyan muddatga - 5-20-25 yilga, shuningdek nomuayyan muddatga tuzilishi mumkin) yoki er-xotindan birining vafot etishi munosabati bilan bekor qilinadi. Bunda, agar nikoh shartnomasi nikoh bekor qilinishi munosabati bilan bekor qilinsa, uning ayrim qoidalari o‘z kuchini saqlab qolishda davom etishi mumkin. Masalan, shartnomada belgilangan sobiq er yoki xotinga qarash to‘g‘risidagi qoidalar ajrashgandan keyin ham amal qiladi.

Keyingi vaqtda nikoh shartnomalarini tuzish hollari ko‘paymoqda, bu esa aholining farovonligi va huquqiy savodi o‘sayotganidan darak beradi. U ajrashish holatida yoki boshqa nizoli vaziyatlar yuzaga kelganda nafaqat asabni saqlash, balki salmoqli mablag‘ni tejashda ham yordam beradi.

Z.Ravshanov,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM