Soya ekishda nimalarga e’tibor berish kerak? Uning parvarishi qanday bo‘ladi?

Samarqand tumanida tashkil etilgan amaliy seminarda ishtirokchilarga shu to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Unda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Abilov, Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmanov, tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, fermerlar va soha vakillari ishtirok etdi.
Seminarda ta’kidlanganidek, dunyo aholisi soni keskin oshib borayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolbzar masalalardan biri hisoblanadi. Bunday sharoitda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda hamda tuproq unumdorligini oshirishda soya ekinining ahamiyati beqiyos. Chunki soyada bir vaqtning o‘zida ko‘p miqdorda oqsil va o‘simlik moyi mavjud. Shu bois butun dunyoda soya yetishtirish hajmlari yildan yilga oshib bormoqda.
Seminarda turkiyalik mutaxassislar tomonidan mazkur o‘simlikni yetishtirish, uni to‘g‘ri parvarishlash natijasida hosildorlikni oshirish, kerakli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning ahamiyati to‘g‘risida tushuncha berdi.
Soya yetishtirish yerning meliorativ holatini ham yaxshilash imkonini beradi. Masalan, soya ekilgan 1 gektar yer maydonida 120-150 kilogramm sof holda azot to‘planadi. Natijada tuproq tarkibi yaxshilanib, biologik jarayonlarning faolligi oshadi va kelgusi yilda ekilgan boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olinadi.
Seminar ishtirokchilari ko‘p yillik tajribaga ega dehqonlar dalasida ham bo‘lishdi. U yerda ekilgan soyani parvarishlash, uning rivodlanishi bilan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM