Qanday hollarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mumkin?

“Yer uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunni qabul qilindi.

“Yer uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilishi, jamoat ehtiyojlari uchun kompensasiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun sifatida yer uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibining takomillashishi, nizoli vaziyatlarni oldini olinishi va ushbu sohada paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolar samarali hal etilishiga xizmat qiladi.

Nima uchun alohida qonunga ehtiyoj tug‘ildi?

Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, shuningdek, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ob’yektlarni buzib tashlash ko‘plab davlatlarda dolzarb muammo hisoblanadi. Ushbu masalalarning lozim darajada huquqiy tartibga solinmasligi aksariyat hollarda aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘ladi.

2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga oid bir qator masalalarni tartibga soldi.

Biroq, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish borasida qonun darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar saqlanib turibdi. Zero, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishining aniq tartib-taomillari va mexanizmi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida ham aniq belgilanmagan.

Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish sohasidagi xorijiy tajribada bu kabi o‘ta muhim ijtimoiy-huquqiy munosabatlar aynan qonun darajasida tartibga solingan.

Ushbu qonun faqat “jamoat ehtiyojlari” iborasi qo‘llanilgan va mamlakatimiz huquq tizimida o‘rnashib qolgan “davlat va jamoat ehtiyojlari” tushunchasidan voz kechilgan.

Jamoat ehtiyojlari tushunchasi nima ekanligi aniq va tugal belgilab qo‘yilmas ekan, uni turlicha talqin qilish, xususiy ehtiyojlarni yoki tijorat ehtiyojlarni jamoat ehtiyoji sifatida talqin qilishga urinishlar bo‘lib turadi.

Qonun bilan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechildi. Eng muhimi “investisiya loyihalarini amalga oshirish” yer uchastkasini olib qo‘yish uchun asos bo‘la olmasligi nazarda tutilan va investor yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqa olmasligi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Qonun talablariga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6 ta bosqichdagi jarayonlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi, shu jumladan, mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish kabi majburiy shartlarni bajarishi lozim bo‘ladi.

Faqatgina shundan so‘ng mahalliy kengashlar tomonidan yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi jamoat ehtiyojlariga xizmat qiladi deb topilsa, mulkdorlar bilan muzokaraga kirishadi va ularning har birining roziligini olmaguncha hamda kompensasiyalar to‘liq berilib, ko‘chmas mulklar bo‘shatib qo‘yilmaguncha hech kim uni buzish, ya’ni “snos” haqida gapira olmaydi.

Kelishuvga erishilmagan taqdirda, egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli bo‘lgan mulkni erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan, turarjoyni kommunikasiya vositalaridan uzib qo‘yish, ko‘chmas mulk ob’yektiga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yish, munosib hayot kechirishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda mazkur yo‘nalishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida, Qonunda yer uchastkasini kompensasiya evaziga olib qo‘yish tashabbusining ochiq muhokamasini o‘tkazishga oid quyidagi standatlar belgilangan:

- tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama o‘tkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio va video qayd qilinishi ta’minlanishi;

- ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilishi va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan ta’minlanishi shartligi;

- ochiq muhokamani o‘tkazish joyi ko‘pchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin bo‘lishi kerakligi;

- ochiq muhokamada egalarining uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama o‘tkazilgan hisoblanishi;

- tashabbuskor huquq egalariga ochiq muhokamada onlayn qatnashish imkoniyatini yaratishi shartligi.

Qolaversa, mahalliy Kengashlarning yer uchastkasini olib qo‘yish haqidagi masalani ko‘rib chiqish bo‘yicha majlislari to‘liq shaffof tarzda OAV vamulkdorlarning bevosita ishtirokida o‘tkaziladi. Qabul qilingan qarorlarning barchasi ochiq e’lon qilinadi.

Qonun bilan quyidagi masalalar aniq yechim topilgan. Xususan, kompensasiya berilishining aniq qoidalari o‘rnatilganligi, kompensasiya sifatida boshqa turarjoy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari belgilanganligi, bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida ularning xohishiga ko‘ra bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi nazarda tutilganligi. Shuningdek, kompensasiya o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringi Ko‘chmas mulk ob’yektlari Davlat reyestriyagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Ko‘chmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni hokimlar emas mahalliy Kengashlar qabul qiladi. Qonun bilan ko‘chmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni qabul qilish tartibi o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, bu kabi qaror hokimlar tomonidan emas Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi. Kompensasiya berilganidan so‘ng ko‘chmas mulk ob’yektini olti oy mobaynida bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat beriladi.

Yer uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror loyihalari adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa berilganidan keyin qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Zarif Hamroqulov,

Samarqand tuman hokimligi bosh yuristkonsulti.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM