Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasida qanday tartib va o‘zgarishlar bor?

Samarqand tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Nodir Mo‘minov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida shu savolga javob topildi.
Ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlar fuqarolik jamiyatining institutsional asosini tashkil etadi. Yana ham oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, fuqarolik jamiyatini ko‘rinishi, mavjudligi aynan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatida aks etadi.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda, korrupsiyaga qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida o‘rni bor.
Shu bois so‘nggi yillarda, ya’ni 2017 yildan boshlab bevosita davlatimiz  rahbari boshchiligida “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oya ostida jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligini yanada oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi sohasida amalga oshirilgan ishlar keng bir maqolaga mavzu bo‘lishini yana bir qayd qilgan holda biz bugun ularning faoliyatiga doir bo‘lgan faqat birgina masala – nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat ro‘yxatiga olinishi va ushbu yo‘nalishdagi e’tiborga molik o‘zgarishlarni xorijiy davlatlardagi amaliyot bilan taqqoslagan holda qisqacha tarzda yetkazishni maqsad qildik.
Hurmatli Yurtboshimizning bir qator farmon va qarorlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning tartib-qoidalari soddalashtirildi, ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari qisqartildi, davlat bojlarini miqdori sezilarli darajada kamaytirildi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish elektron (onlayn) tarzda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan barcha buyurokratik to‘siqlar olib tashlanmoqda.
Prezidentimizning birgina oxirgi  - 2021 yil 3 mart kuni qabul qilingan  “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori misolida aytadigan bo‘lsak, 2021 yilning 1 mart kunidan boshlab quyidagilar belgilandi:
nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni xabardor qilgan (ma’lumot uchun) holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablag‘lari va mol-mulkning bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha oshirildi;
nodavlat notijorat tashkilotini qayta ro‘yxatdan hamda uning ramzini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati bir oydan o‘n besh kungacha qisqartirildi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish uchun davlat boji undirilishi;
nodavlat notijorat tashkilotining alohida bo‘linmasi yuridik shaxs hisoblanadi, bunda alohida bo‘linmalarni hisobga qo‘yish tartibi bekor qilindi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha xorijiy tajribaga e’tiborimizni qaratganimizda, Germaniya Federativ Respublikasi, Rossiya Federasiyasi va boshqa mamlakatlarda ro‘yxatga olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar asosida amalga oshiriladi va  rivojlangan xorijiy davlatlarda Nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni, roli va ahamiyati sezilarli darajada yuqoriligini ko‘ramiz.
Bizda ham nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga solishni bitta qonun doirasida belgilanishi yuzasidan allaqachon boshlab yuborilgan.

Jumladan, Prezidentmizning 2019 yil 4 oktyabrdagi “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga bilan alohida ishchi guruhni tasdiqlangan holda ular tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va shakllangan milliy huquqni qo‘llash amaliyoti asosida O‘zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqilishi hamda  nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni kodlashtirish va tizimlashtirish amalga oshirilishi belgilangan.
Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyat yuritishlari uchun yaratilayotgan barcha imkoniyatlar oxir - oqibat davlatimiz va jamiyatimiz ravnaqi hamda xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM