Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar 2023 yil uchun tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrga qadar qabul qilinadi

Joriy yilning 13 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Endilikda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyati bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlari inobatga olinadi.
Shuningdek, ipoteka kreditini oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish ko‘rsatib o‘tilgan.
Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilangan. Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar 2023 yil uchun tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrga qadar qabul qilinadi.
Ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash hamda uy-joy qurilishini tezlashtirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan respublika byudjetiga 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz band past stavkada ajratiladi. O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning 500 mlrd so‘mi qurilish-pudrat tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltiriladi. Farmon bilan 2023 yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratish, shunindek, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan.
Bundan tashqari, mahalliy hokimliklarga mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan tegishli hudud uchun belgilangan ipoteka kreditlari va subsidiyalar sonini oshirishga ruxsat berildi. 2023 yil 1 maydan boshlab, qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladigan bo‘ldi.
Qurilish uchun mo‘ljallangan materiallar va uy-joylarning tan narxlarini kamaytirish maqsadida 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagi qurilish materiallari va xomashyo turlari, ya’ni syement, og‘och materiallari, yog‘och-qirindili plitkalar, yelimlangan fanera, beton quyish uchun qoliplar, energiya tejamkor bazalt qoplamalari, issiqlik bilan polirovkalangan shisha va boshqa mahsulotlarni import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Dilshod Tohirov,
tuman hokimligi yuristi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM