Samarqand tumani “Rustam” mahallasida navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadiga yo‘naltirilgan “Armiya - Vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida sport tadbiri tashkil etildi.
Unda tuman hokimi, sektor rahbarlari, harbiy qism xizmatchilari, tuman mudofaa bo‘limi xodimlari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab tadbir doirasida harbiy qism desantchilari tomonidan vatanimiz sarhadlarini himoya qilishda qudratli milliy armiyamiz tomonidan qo‘llaniladigan eng zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-aslaha hamda qutqaruv-qidiruv xizmatining moddiy ta’minot bazasi ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi so‘zga chiqib, Vatanga muhabbat va harbiy vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi bu kabi tadbirlar yoshlar hayotida muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.
Shundan so‘ng harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi usullari, askarlarning komanda tarkibida tantanali saf ko‘riklari namoyish etildi. Ushbu chiqishlar yoshlarimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.