Navbatdagi matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.
16 ming 778 ta kitob fondiga ega axborot-kutubxona markazida 5200 ta badiiy adabiyotlar, 1120 ta ijtimoiy-siyosiy va boshqa turdagi kitoblar mavjud, - deydi tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Azizova. – Bundan tashqari tumandagi 9 ta mahallada hamda umumiy o‘rtata’lim maktablarida 53 ta kutubxona bor. Mazkur maktablarda mavjud kutubxonalarda 1-11-sinf o‘quvchilari uchun o‘zbek, rus va tojik tillarida badiiy adabiyotlar 71 ming 701 tani tashkil etadi.
Tumanning Xo‘ja Ahrori Vali mahallasida “Yosh kitobxon” maskani hamda “O‘qituvchi” brendi ostida kitobxonlar uchun yengil konstruksiyali “Markaziy kitob olami” majmuasi tashkil etildi. Yil yakuniga qadar axborot-kutubxona markazi 20 million so‘mlik 500 ta kitob bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida “Yosh kitobxon” Respublika tanlovining tuman bosqichida 3 yosh toifasida 751 nafar, “Zukko kitobxon” intellektual o‘yinida 1253 nafar, “Mushoira” tanlovida 752 nafar yoshlar ishtirok etgani ularning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, joriy yilning mart oyida “Qadrdon maktabimga kitob beraman” shiori ostida kitob aksiyasi doirasida jami 20 mingga yaqin kitoblar rahbarlar, sobiq bitiruvchilar, homiylar tomonidan maktablarga berildi. Tumanidagi 10-ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktabida kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.