Tuman hokimligida madaniyat va san’atni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Xursand Gʻoziyeva sohadagi islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillar davomida qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari madaniyat muassasalari faoliyati rivojida yangi bosqichni boshlagani, bu yo‘nalishdagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Soha rivoji yo‘lidagi islohotlar natijasida mamlakatimizda ko‘plab madaniy-ma’rifiy muassasalar tashkil etildi. Ularning faoliyati ancha joylantirildi.
Bu borada Samarqand tumanida ham 5 ta madaniyat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu markazlarda faoliyat yuritib kelayotgan 26 ta to‘garaklarga jami 243 nafar yoshlar jalb qilingan. Masalan, rubob to‘garagiga 52 nafar, doira to‘garagiga 67 nafar, milliy estrada xonandaligi to‘garagiga 55 nafar, an’anaviy xonandalik to‘garagiga 57 nafar hamda maqom ijrochiligi yo‘nalishida 12 nafar yoshlar qamrab olingan. 
Bundan tashqari mavjud madaniyat markazlari tomonidan jami 10 ta mahallada musiqa va qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi to‘garaklar tashkil qilinib, 160 nafar yoshlarni qamrab olgan. Har bir mahallaga madaniyat va san’at xodimlari biriktirilgan. Shuningdek, madaniyat markazlari Xalq ta’limi bo‘lmi bilan hamkorlikda 54 ta umumta’lim maktablarida qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ijodiy yo‘nalishda 1541 nafar, musiqa yo‘nalishida 727 nafar yosh havaskorlar qamrab olingan.
Soha ijodkorlari tomonidan ijodiy ko‘rik-tanlovlar, rang-barang loyihalar o‘tkazilib kelinmoqda. Ko‘plab festivallar musiqa, raqs, baxshichilik, estrada va boshqa san’at yo‘nalishlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Bundan tashqari 5 tashabbus doirasida badiiy havaskorlik jamoalari, “Yoshlar teatr studiyalari” va “Yoshlar klublari” tashkil etilib, 150 nafar havakorlar,  madaniyat markazlarida uch bosqichdan iborat “Boychechak” bolalar, “Parvoz” o‘smirlar, “Iftixor” yoshlar ijodiy jamoalari tashkil etilgan. 200 nafar havaskorlar 2-son madaniyat markazida tashkil etilgan “Ittifoqdoshlar”  yoshlar teatr-studiyasi va “Sardorlar” shijoat klubiga jalb etilgan bo‘lsa, 4-son Arabxona madaniyat markazida “Otash” yoshlar ijodiy jamoalari tashkil etilib, 150 nafar havaskor yoshlar ishtirok etib kelmoqda.
Tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan hamkorlikda tasdiqlangan reja asosida har bir mahallada konsert dasturi tashkil qilinib kelinmoqda. Ushbu konsert dasturlari davomida ko‘pgina yosh iste’dodlar kashf etildi.
Kelgusida ham mahallalarda yoshlarning musiqa va san’at sohasiga yanada qiziqishlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

2015-2024 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM