
Yurtimizda tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish go‘zal an’anaga aylangan. Bugun galdagi ana shunday uchrashuv Samarqand tuman hokimligida tashkil etildi.
Tuman hokimligi va “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirga yurt ravnaqi, tinchligi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan keksalar, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar taklif etildi.
Tadbirda dastlab, Samarqand tumanida yo‘lga qo‘yilgan hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, ijtisoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng “Moturidnoma” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Samarqand tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri I.Murodov hamda yozuvchi Ubay Kodirxonlar qalamiga mansub ushbu kitob Mustaqilligimizning 32 yilligiga arafasida nashrdan chiqdi. Shuningdek, tadbir doirasida “Gulobod tongi” gazetasi muharriri, Normurod Karimov rahbarligida gazetaning 65 yilligiga bag‘ishlangan “Qalb va qalam” nomli kitobning ham taqdimotlari o‘tkazildi.
Tadbir so‘zga chiqqan Turon fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Haydarbek Bobobekov, Turon fanlar akademiyasining Samarkand mintaqaviy filiali rahbari, professor Farhod Ahmadjonov va boshqalar mazkur kitoblarning tarbiyaviy ahamiyati, yosh avlodga qoldiriladigan ma’naviy merosning yoshlar hayotidagi muhim o‘rni xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, oilalarda kitobxonlikni yanada targ‘ib etish, mahalla, korxona va tashkilotlarda kutubxonalarni tashkil etish, ulardagi kitob fondini oshirish, muhimi kitobga bo‘lgan muhabbatni fnada shakllantirish borasida fikr almashildi.
“Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bir piyola choy ustida davom etdi.
Tadbirda tuman hokimi S.Usmanov ishtirok etdi.