Nodir devonbegi – sayyohlar nigohida
Muqaddas qadamjolar
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini yanada oshirish borasida ulkan imkoniyatlar mavjud. Shahar va qishloqlarimizning boy tarixi, betakror qiyofasi, go‘zal tabiati, ajdodlarimizning aql-zakovati ila barpo etilgan tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar har qanday kishi e’tiborini o‘ziga tortib, bag‘riga chorlayveradi.
Samarqand tumanidagi Xoja Ahrori Valiy maqbarasi qoshidagi «Nodir devonbegi» madrasasi ham ana shunday manzillardan biri hisoblanadi. Mazkur madrasa tarixiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak u 1630-1635 yillarda Buxoro xoni Imomqulixonning vaziri Nodir devonbegi tomonidan qurdirilgan. Ushbu madrasaning aynan shu qo‘rg‘onda barpo etilishini Buxoro xonining vaziri Nodir devonbegining hazrat Xoja Ahrori Valiyga bo‘lgan e’tiqodi va cheksiz hurmati belgisi deb tushunmoqlozim.
Ilm-fanda, badiiy ijodiyotda, mashhur binolar qurilishlarida bir-biriga o‘xshash, bir-biridan andoza olish, yaxshi va xayrli ishlarni rivojlantirib borish tarixiy an’ana tusini olib kelgan. Shu jihatdan olib qaraganda, Xoja Ahrori Valiy qo‘rg‘onida qurilgan «Devonbegi» («Nodir devonbegi») madrasasining loyihasini ishlashda Registondagi Sherdor madrasasidan ijodiy foydalanib ish ko‘rilgan. Peshtoqda sher rasmining aks ettirilishi, mohirlik bilan bezak berilganligi, katta hovli va uning chetlarida hujralarning joylashganligi bilan Sherdorning kichik bir nusxasiga o‘xshaydi, ammo, unda minoralar yo‘q. Nodir devonbegi madrasasi peshtoqida quyosh va sherlar tasviri tushirilgani uchun xalq orasida ushbu madrasa kichik Sherdor yoki Sherdori berun (tashqi Sherdor) nomlari bilan ham mashhurdir.
Madrasa bir qavatli bo‘lib, XVI-XVII asrlarda keng tarqalgan to‘rt ayvonli hashamatli sharqona me’morchilik usulida bunyod etilgan. U uch tarkibiy qismdan iborat bo‘lib, darsxona, yotoqxona va xizmatchi xodimlarga mo‘ljallangan xonalarni o‘z ichiga oladi. Madrasa hovlisining 2 tomonida ayvon, 28 ta hujralar, hovlining oxirida masjid va 2 ta darsxonalar joylashgan. Madrasa peshtoqi ayvon bezaklariga o‘zaro uyg‘unlashtirib feruza, yashil va sariq ranglarda mayda va jimjimador naqshlar bilan nafis bezatilgan.
Madrasada o‘qish-o‘qitish va talabalarning yashaydigan yotoqxonalari bir hovlida yaxlit bo‘lishi hisobga olingan. Ichki devorlari burchaklaridan besh qirrali taxmon kesib tayyorlangan va jihozlangan. Ularning ba’zilari sharqona uylarga o‘xshash bo‘lib, maxsus eshikchalarga ega. G‘arb tomonida xonalar yo‘q. Madrasaning old tomoni esa peshtoqlar bilan bezak berib ajratilgan. Ular sirlangan g‘isht va naqshlardan ishlangan bo‘lib, ajoyib manzarani tashkil etgan. Uning asosiy peshtoqida madrasaning qurilishi boshlanganligini ko‘rsatuvchi yozuvlar mavjud bo‘lib, ular naqsh bezaklari bilan uyg‘unlashib ketgan. Bu yozuvlarni naqshlar bilan xattot Xoja Hoshim va muhandis-quruvchi Do‘stmuhammadlar uyg‘unlashtirgan ekan. Binoning shiftlari naqqoshlik san’ati usulida bo‘yalgan.
Madrasa o‘sha davr talabi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatgan, ya’ni uning asosiy yo‘nalishidan aqliya ilmlarni o‘rgatish asosiy o‘rinni egallagan. Afsuski, uning mudarris va tolibu ilmlari haqida yetarli ma’lumotlar saqlanib qolinmagan. Madrasa XIX asrning ikkinchi yarmigacha faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik madrasa ko‘p yillar qarovsiz qolib, ko‘rimsiz holga kelib qolgan.
Bizgacha saqlanib qolgan ma’lumotlarning dalolat berishicha, Xoja Ahrori Valiy masjidi va madrasasida ishlaydigan kishilar naqshbandlik ta’limotini har tomonlama puxta egallagan bilimdon va donishmand mudarrislar bo‘lishgan. Shunga qarab, madrasada o‘qiydigan talabalar ham iqtidorli va iste’dodli bo‘lganlar. Chunki, mudarrislarning bilim saviyasi va salohiyatiga qarab, madrasada o‘qiydigan yoshlar tanlab olingan.
Mustaqillik yillarida 1992-1998 yillar oralig‘ida ham madrasada islomshunoslik va arab tili mutaxassislarini yetishtirib beruvchi o‘rta ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib borgan bo‘lib, madrasada 4 yil davomida ta’lim berilgan. Har bir kursda 20 nafardan jami 80 nafar talaba tahsil olgan.
Yurtimizda keyinggi yillarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu say’i-xarakatlar esa amalda xorijlik sayyohlarni mamlakatimizga yanada ko‘proq jalb etish, Ona Vatanimizni dunyoga tanitishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayapti.
«Nodir devonbegi» madrasasi ham bugun sayyohlar sevib tamosha qiladigan muborak manzillardan biriga aylangan. O‘tmish ta’lim tizimi bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lishni, o‘sha davrdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishishni istagan minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar har yili bu maskanga tashrif buyurishadi.
Birgina 2024 yilda madrasaga 25 dan ortiq xorijiy davlatlardan salkam 7000000 nafarga yaqin sayyohlar kelib, ilm-fanimiz, boy madaniyatimiz va ma’naviyatimiz bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
G‘ulomjon TURDIBOEV,
Nodir Devonbegi madrasasi Samarqand tumani filiali mudiri.