Mehr-e’tiborga muhtoj yoshlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi

Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shahslar davlatimiz tomonidan muhofazaga olingan. Ularga doim g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. O‘zgalar mehri va yordamiga muhtojlarning holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish an’anaga aylangan.
Samarqand tumanidagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabida 237 nafar nogironligi mavjud bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar tahsil olishmoqda. Ular boshqa tengdoshlari qatori yaratilgan barcha huquq va imkoniyatlardan foydalanib kelmoqda. Kelgusida tanlagan sohalari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishga intilmoqda.
Bugun Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ana shu o‘quvchi-yoshlar uchun “Mehr-e’tiborga muhtoj yoshlarga mehr ulashish oliyjanob fazilat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. 
Tadbirda tuman hokimi S.Usmanov, sektor rahbarlari, viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Milliy gvardiyaning Samarqand tuman bo‘limi xodimlari, Qizil yarim oy jamiyati volontyorlari hamda bir qator hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar maktab o‘quvchi-yoshlarining qo‘l mehnati evaziga tayyorlangan turli kiyim-kechak, durodgorlik buyumlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘quvchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish davlatning ustivor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ularga rahbarlar tomonidan bayram sovg‘alari topshirildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM