Samarqand tumani nuroniylari Boxoroda bo‘lib qaytdi

Xoja Bahouddin Naqshband – islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi. U milodiy 1318 yilning mart oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Xalq orasida Bahouddin, Bahouddinjon, Xoja Bahouddin, Bahouddin Balogardon, Balogardon, Xo‘jayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur. Hammamiz yaxshi bilamizki, naqshbandiyaning ketma-ket yetti piri aynan Buxoroda yashab, faoliyat olib borgan.
Samarqand tumani nuroniylari Buxoroga qilgan safari dastlab, ular mangu qo‘nim topgan makon va qadamjolardan boshlandi. U yerda Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng nuroniylar Labi Hovuz ansamblida bo‘lishdi.


Labi Hovuz - 1510-1530-yillarda qurilgan ushbu ansambl Buxoro amirligi bosh vaziri Nodir devonbegi nomi bilan bevosita bog‘liqligi haqida ko‘plab tarixiy faktlar mavjud.
Dastlab, bu yerda Labi Hovuz bilan birgalikda Nodir devonbegi xonaqohi va karvonsaroy quriladi. Karvonsaroy vaqf mulkiga berilib xonaqohni xarajatlarini qoplab turish rejalashtirilgan edi. Lekin o‘sha vaqtlardagi Buxoro amiri Labi Hovuz ansamblidagi Karvonsaroyni yanglishib ketib, xalq oldida madrasa, deya e’lon qilib yuboradi. Shu tariqa Amrning yuzidan o‘tolmagan saroy amaldorlari Karvonsaroyni madrasaga aylantirishadi. Tarixiy manbaalarda keltirilishicha, bu holat Nodir devonbegi madrasasining qurilishida ham yaqqol bilinib turadi. Amirlikda bir xil reja asosida qurilgan madrasalardan farqli ravishda Nodir devonbegi madrasasi ichida masjid ham, katta qiroatxona ham yo‘q. Keyinchalik karvonsaroyning xonalari madrasa faoliyatiga moslashtiriladi. Hozirgi kunga kelib Buxorodagi Labi Hovuz ansambli yangidan ta’mirdan chiqarilgan hamda shahar ahli va sayyohlarning sevimli go‘shasiga aylangan. Labi Hovuzning salqin shamoli va unga o‘rnatilgan chiroqli favvoralar bilan bir qatorda, Buxorodagi boshqa tarixiy obidalardan farqli o‘laroq, bu inshootda kechki vaqtlarda ham odam gavjum bo‘ladi va mehmonlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ziyoratchilar shu kabi keng tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Buxoroning bugungi madaniyati bilan yaqindan tanishdi. Nuroniylar esdalik uchun suratlarga tushishdi.

2015-2022 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM