insurez
15-02-2025 18:58

Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi


Dastlab Samarqand tumanidagi “Sho‘rboicha” mahallasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida respublika ko‘rgazmali seminarini o‘tkazishda samarali mehnat qilgan bir guruh rahbar va xodimlar taqdirlandi.

Shundan so‘ng viloyat hokimligi tashkiliy kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullaev, tuman hokimi S.Usmanov va sektor rahbarlari, tumandagi mahallalar “ettiligi” ishtirokida Dehnav mahallasida 3 ta yo‘nalish bo‘yicha aholi xonadonlarida tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlarni ichki bozor va eksportga yo‘naltirish jarayonlari o‘rganildi.

Shu maskanda Dehnav mahallasi hamda tumanda barcha mahallalarning ixtisoslashuvi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etish, mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga chiqarish, bozorlarda narx-navoni kamaytirish, mahallaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Sho‘rboicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi mahsulotini yetishtirish, ichki bozorga yetkazib berish va eksportga chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari yuzasidan mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.

Teglar
- -