insurez
04-06-2024 14:42

Bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hisobiga 1104 nafar, vaqtinchalik jamoat ishlariga 156 nafar xotin-qizlar joylashtirildi


Tumanda ayollar va xotin qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu orqali ularning oilada va jamiyatda faolligini oshirish chora-tadbirlari izchil olib borilmoqda.

Bu jarayonda ishsiz, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayollarni lider tadbirkorlarga biriktirib, ular o‘rtasida kooperatsiya asosida kasanachilikni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilyapti.

Ayni shu masalalarning joylardagi ijrosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Ishtirokchilar dastlab, “Gulobod KTM” tikuv sexida bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etish kerakki mazkur sex Rossiya davlati bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bugungi kunda 10 turdagi qishki kiyimlar tayyorlanib, Rossiyaga eksport qilinmoqda. Mazku sohada 100 dan ortiq xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.

- O‘tgan vaqt davomida mazkur yo‘nalishlarda sezilarli ishlar amalga oshirildi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Madina Baratova. - Xususan, tumanda xotin-qizlar va ayollar bandligini ta’minlash, bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hisobiga 1104 nafar xotin-qizlar, vaqtinchalik jamoat ishlariga 156 nafar xotin-qizlar joylashtirildi.

Bu borada Samarqand tumanida o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Birgina misol, mazkur tumanning Gulobod mahallasida yashovchi yosh tadbirkor “Gulrux Dizayn” tikuv sexi boshqaruvchisi bugungi kunda o‘z atrofiga 8 nafar xotin-qizni jalb qilgan.

O‘tgan davr mobaynida Gulobod mahallasida o‘z ish faoliyatini boshlagan “Gulobod Baxtiyor Milano" tikuv sexida 10 nafar xotin-qizlar kasanachilik bo‘yicha va 15 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona ta’sischisi ham lider tadbirkorlardan bo‘lib, asosiy faoliyati bolalar kiyimlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi.

Press-tur ishtirokchilariga tumanda xotin-qizlarning bandlik darajasini oshirish uchun kasanachilikni yanada kengaytirib borish borasida keng ma’lumotlar berildi.

Teglar
- -