Bo‘zilik chempion
O‘tgan oktabr oyining 24-28 kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Tennis Davlat sport majmuasida uch kun davomida sambo bo‘yicha sport ustalari o‘rtasida navbatdagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Chempionat ishtirokchisi, mamlakatimiz jamoasining murabbiy-vakili, sport ustalari o‘rtasida uch karra Jahon chempionati sovrindori, tumandoshimiz sport faxriysi Javhar Jabborov muxbirimizga chempionat haqida o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.
– Tojikistonlik Sambo ishqibozlari sport ustalari (erkaklar) o‘rtasidagi qiziqarli bellashuvlarni tomosha qilish sharafiga muyassar bo‘lishdi. Musobaqada jami 13 ta davlatdan 400 ga yaqin turli yoshdagi sambochilar ishtirok etishdi. Ushbu sport turi do‘stlik, vatanparvarlik, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda katta rol o‘ynashi shubhasiz. Keyingi paytlarda sambo barcha yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgani, har yili sport ustalari o‘rtasida ham Jahon chempionati o‘tkazilishi va g‘olib va sovrindorlar ro‘yxati yangilanib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Musobaqada erkaklar o‘rtasidagi yettita guruhda M-1( 35-39 yosh), M-2 (40-44 yosh), M-3 (45-49 yosh), M-4 ( 50-54 yosh), M-5 (55-59 yosh), M-6 (60-64 yosh) va M-7 (65 yoshdan yuqori bo‘lgan sport ustalari) 6 ta og‘irlik toifasida g‘oliblar aniqlandi. Mamlakatimiz sportchilari ushbu musobaqada muvaffaqiyatli qatnashishdi, vakillarimiz 13 ta( 4 ta oltin, 1ta kumush va 8 ta bronza) medalga ega chiqishdi va rasmiy bo‘lmagan umumjamoa hisobida FIAS bayrog‘i ostida qatnashgan Rossiya jamoasi, Qozog‘iston va Tojikistonlik sambochilardan keyin to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Quvonarlisi, O‘zbekiston sport ustalari jamoasi hisobida tumanimizdagi Bo‘zi mahallasi vakili viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining iste’dodli murabbiyi Baxtiyor Xakimov 98 kg. gacha og‘irlik toifasida (M-1 guruhida) gilamga chiqib, raqiblariga hech qanday imkoniyat bermay birin ketin g‘alabaga erishib, yarim finalda yurtdoshimiz Ruslan Boltayevga (Buxorolik Ruslan Boltayev kurash bo‘yicha Jahon chempioni hisoblanadi) ro‘baro‘ keldi.
Keskin o‘tgan bellashuvda Baxtiyor vatandoshi ustidan ishonchli g‘alabaga erishib finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Chempionatni hal qiluvchi bahsida esa Qozog‘istonlik kuchli sportchi Bajbussinov Yerdolni (BAJBUSSINOV Yerdol) dog‘da qoldirib 4:0 hisobida ustun keldi va Jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston jamoasi hisobiga qimmatli oltin medalni hadya etdi.
Shuningdek, viloyatimizning yana ikki vakili Pastdarg‘om tumani Xonchorbog‘ mahallasida yashovchi tumanimizdagi 2-son sport maktabi murabbiyi Ural Elmonov M-6 guruhida munosib ishtirok etib, 88 kg. gacha og‘irlik toifasida va tumanimizning Quyi Turkman mahallasida yashovchi, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali "sport psixologiyasi, ijtimoiy-tabiiy fanlar" kafedrasi dotsenti Asadxon Samandarov M-7 guruhida bellashib, shohsupani uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildilar.
G‘olib va sovrindorlarga tashkiliy qo‘mitaning medal va diplomlari topshirildi.
Toshpo‘lod YUSUPOV.