Bugun o‘zbek va tojik adabiyoti namoyandasi Sadriddin Ayniy tavvallud topgan kun (1878-1954)
O‘quvchilarga “Odina”, “Doxunda”, “Qullar”, “Sudxo‘rning o‘limi” kabi asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan yozuvchi, olim, o‘z davrining jamoat arbobi Sadriddin Ayniy 1878 yil 15 aprelda Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumani, Soktari qishlog‘ida tug‘ilgan.
Masjid qoshidagi maktabda ilk ta’limni olib, so‘ng qishloq mullasining rafiqasi Bibi Xalifa maktabida o‘qigan.
1890 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oladi. Bu yerda ta’lim beriluvchi kitoblarga nisbatan, ko‘proq she’riyat bilan qiziqadi. “Ayniy” taxallusini u 1896 yil olgan.
1905 yil mashhur shoir bo‘lgach, uning she’rlari saylanma asarlar to‘plamiga kiritilgan. U vaqtlar tashkil qilingan “Ma’rifat” jamiyati “yangi uslubdagi” maktablar (mahalliy) uchun darsliklar yozgan.
1920 yil uylanib, oilasi bilan Samarqandga keladi. Bu yerda maktabda dars beradi, so‘ngra butunlay adabiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. 1929 yil Tojikiston Markaziy saylov hay’ati a’zosi, 1934 yil esa o‘sha vaqtdagi butunittifoq Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati a’zosi etib saylanadi.
U ilk bor “Tojik adabiyoti namunalari” nomli tojik milliy ijodiy saylanmasini tuzgan. Sadriddin Ayniy Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston FAning sharafli a’zosi, filologiya fanlari doktori, Tojikiston FAning birinchi prezidenti, Tojikiston Davlat mukofotining birinchi laureati bo‘lgan.
Sadriddin Ayniy asarlarini tojik va o‘zbek tilida yozgan. U ikki xalq adabiyotiga katta hissa qo‘shgan. Uning “Odina”, “Doxunda”, “Qullar”, “Sudxo‘rning o‘limi”, “Xotiralar” (“Buxoro”) asarlari sevib o‘qiladi. Asarlari rus, ukrain, belarus, litov, polyak, chex, fransuz, urdu tillariga tarjima qilingan.
Saydriddin Ayniy 1954 yil 15 iyul kuni Dushanbe shahrida vafot etgan.