“Gulobod tongi” gazetasi tahririyatida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi
Unda Samarqand tuman Mahalla bo‘limi boshlig‘i Shavkat Hasanov “Mahalla byudjeti tizimi ishlayaptimi?” mavzusida ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qarorining 3-ilova bilan Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom hamda jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va xarajatlarini amalga oshirish sxemasi tasdiqlangan.
Shuningdek, mazkur sxemada jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish, xarajatlarni amalga oshirish jarayonlari va mablag‘lar harakati hisobini yuritish tartibi hamda muddatlari aniq belgilab berilgan.
Bunda, jamg‘arma mablag‘laridan manzilli, maqsadli va oqilona sarflash bo‘yicha talabnomalarni shakllantirishga mahalla raislari, talabnomalar asosida tovar (ish, xizmat)lar bo‘yicha mablag‘larni sarflash bo‘yicha tuman bo‘limi boshliqlari va bosh hisobchilari, mablag‘larni maqsadli sarflangani bo‘yicha monitoring va nazorat hududiy boshqarma boshliqlari va bosh hisobchilari zimmasiga yuklatilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi, mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi, bunda ushbu mablag‘lar avtomatik tarzda mahalliy byudjet va tegishli tuman (shahar) jamg‘armasiga taqsimlanadi.
Tizimda jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, har oy yakunlari bo‘yicha tuman (shahar) soliq inspeksiyasi tomonidan mahallalar kesimida undirilgan to‘lovlar to‘g‘risida g‘aznachilikka ro‘yxat taqdim etiladi. Ushbu ro‘yxat asosida g‘aznachilik bo‘linmasi har bir mahalla uchun ochilgan hisobraqamlarga mablag‘larning tegishli qismini o‘tkazadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida va ushbu nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq foydalaniladi. Masalan, mahalla hududidagi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalari, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqava suv tizimini ta’mirlash va tiklash, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, mahalla hududida joylashgan sport maydoni, nuroniylar choyxonasi, yoshlar markazi, bolalar maydonchasi, kutubxona, madaniyat markazini qurish, mukammal va joriy ta’mirlash hamda ularni inventar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash. Shu bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularning turar joylarini ta’mirlash va jihozlash, mahalla hududida infratuzilmani rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish va boshqa tadbirlarga sarflanadi.