insurez
07-10-2025 18:29

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand tumanida fermerning yeri noqonuniy olib qo‘yildimi” sarlavhasi ostida videolavhalar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz


Samarqand tuman hokimining 2010-yil 25-martdagi 481-Q-sonli qarori bilan  “Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligiga g‘alla, sabzavotchilik va bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritish uchun jami 34,4 ga yer maydoni ajratilgan.

“Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligi ijaraga berilgan yer maydonlarida o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy ravishda bino-inshootlar qurganligi, sug‘oriladigan, unumdor va g‘alla-sabzavotchilikka mo‘ljallangan yer maydonlarida vakolatli tashkilotlardan tegishli ruxsatnomalar olmasdan,  issiqxona va baliq boqish havzalari tashkil qilganligi holatlari aniqlangan.

Da’vogar Samarqand tumani hokimligi javobgar “Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligiga nisbatan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqida Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasi sudning 2021-yil 6-martdagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, tuman hokimligi va “Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi bekor qilingan.

Javobgar “Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligining apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqilib, Samarqand viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha apellyatsiya sudlov hay’atining 2021-yil 7-iyuldagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021-yil 30-noyabrdagi qarorlari bilan birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shuningdek, Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi “Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligining manfaatida Samarqand tumani hokimligiga nisbatan da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgardan da’vogarga ajratilgan yer maydonida sarflangan xarajatlar qiymatini hisoblash va qoplash tartibi bo‘yicha baholangan va baholash natijalari bo‘yicha bog‘, tokzor va ularga xizmat ko‘rsatuvchi suv, elektr tarmoqlari uchun qilingan jami 3,8 mlrd. so‘m xarajatlarni undirib berishni so‘ragan.

Sudning 2025-yil 6-fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo talabini qanoatlantirish rad etilgan.

“Sobirov Ergash bog‘lari” fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarish faoliyatini yuritish uchun muqaddam ajratilgan yer uchastkasi tuman zaxira yerlari hisobiga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153 – sonli Qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 709-sonli Qarori talablari asosida yer maydonlari “E-auksion” onlayn platformasi orqali fuqarolar tomonidan dehqon xo‘jaligi yuritish uchun g‘olib sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Teglar
- -