Iqtidorli yoshlar – kelajakka ishonch
Yoshlar - jamiyatning kuchi, taraqqiyotning garovi va yangicha fikrlash yo‘nalishini shakllantiruvchi asosiy omil hisoblanadi. Har bir millatning kelajagi va rivojlanishi uning yoshlariga bog‘liq. Bugungi kunda iqtidorli yoshlar nafaqat mamlakat ichki rivojlanishida, balki xalqaro maydonda ham o‘zlari va Vatanlarining obro‘sini oshirishga ulkan hissa qo‘shishmoqda.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish va iqtidorini namoyon qilish imkoniyatini berish bo‘yicha samarali dasturlarni amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Ularning shaxsiy rivojlanishiga yo‘naltirilgan turli grantlar, stipendiyalar va loyihalar yoshlarning kelajakda faoliyatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri Azimjon Hamroyev O‘rta Ohalik mahallasi farzandi. Tog‘ yon bag‘ridagi buloqlardan chiqib, xarsangtoshlarga urilib, shaffof va zilol bo‘lib oqayotgan soy yonidan kuniga uch-to‘rt marta o‘tadigan Azimjon tabiatning bu ajib hodisalariga befarq emasligini uning ota-onasi Mansur Berdiyea va Mavsuma Sohibova, o‘qituvchilari va atrofdagilari juda yaxshi bilishardi. Qanchadan qancha baliqlar o‘z yemishini topolmay suv ichida bo‘lsada, nobud bo‘layotganini faqatgina Azimjonning qalb ko‘zi ko‘rardi. 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabda o‘qiyotgan paytida ham oriqlashib kelayotgan baliqchalarni tutib oddiy bankalardan akvarium yasab, turli o‘t-o‘lan shifobaxsh o‘simliklarni tajriba sifatida berar edi.
Bir-ikki kun orasida baliqlar qaysi o‘simlikka moyil ekanligini bilib, shu giyoh o‘sadigan tomonga baliqlarni oziqlantirish uchun qo‘yib yuborar edi. Suv ichra jim, sokin suzadigan bu pokiza jonzotni ham o‘z hayoti, tirikchiligi, qolaversa, nafsi borligini, qaysi o‘simlikka havasi keladiganini Azimjon payqardi. O‘rta maktabni bitirgan Azimjon Hamroyev Samarqand agro-innovatsiya va tadqiqotlar institutining dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi fakulteti talabalari qatorida qo‘shildi.
- Hamma turli mavzularga qiziqayotgan bir paytda Azimjon o‘zi uchun shavqli bo‘lgan o‘txo‘r baliqlarni oziqlantirish borasida ilmiy izlanishlar olib bordi va ikkinchi kursdayoq ustozdlari assistent Vahob Rahmonov, dotsent Yigitali Toshpulatov yordamida bu borada ko‘pgina natijalarga erishdi. Uni maqolalari "Ilmiy matbuot markazi" jurnaliga bosilib, ushbu atoqli xalqaro jurnal tahririyati tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Keyinchalik ilmiy salohiyati bois "Ta’lim iftixori" esdalik nishoniga ega bo‘ldi. - faxr-iftixor bilan so‘zladi O‘rta Ohalik MFY hokim yordamchisi Shodro‘z Usmonov.
O‘z ezgu maqsad va g‘oyasida ega bo‘lgan ilmiy auditoriyaga aytadigan o‘z so‘zi bo‘lgan Azimjon Hamroyevni O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning ilmiy va amaliy asoslari mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga da’vat etishdi. Ushbu ilmiy anjumanda faol qatnashganligi uchun tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
"Ulug‘bek vorislari" tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi, turli xalqaro ilmiy kengashlarning a’zosi, ko‘pgina sertifikat va tashakkurnomalar sohibi Azimjon Hamroyevning hali qiladigan ishlariyu rejalari bisyor. U baliqlarni oziqlantirish uchun azola va reaska o‘simligini butun O‘zbekiston hududida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orzusida.
Nabotot olamining kuyinchagi, baliqlar xaloskori Azimjon Hamroyevni kelgusidagi ilmiy va amaliy ishlariga ham muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Ozod HAMIDZODA,
Toshpo‘lod YUSUPOV.