Jasorat – millat g‘ururi va iftixori
Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi bu yil mamlakatimizda shu shior ostida nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16 apreldagi qarori hamda farmoniga ko‘ra ushbu sanani munosib nishonlash uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Urush va mehnat fronti faxriylari, keksa avlod vakillarini ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy rag‘batlantirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ta’lim muassasalari, mahallalarda keksa avlod vakillari bilan uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Samarqand viloyatida ham bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, urush va mehnat fronti qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga bayram sovg‘alari topshirilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 5 nafar urush qatnashchisi davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib hayot kechirmoqda. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, ularning har biri 20 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyat faollari, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, tuman hokimi bilan birga Samaqarnd tumani “Saxovat” mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Ahad bobo Ochilov xonadonida bo‘lishdi.
Ahad Ochilov davlatimiz rahbarining tabrigi va mukofotini qabul qilib olar ekan, Prezidentimizning minnatdorligini ta’kidladi.
– Navro‘z bayramida ham viloyatimiz hokimi xonadonimizga kelib, hurmatli Prezidentimizning tabrigi va sovg‘alarini yetkazganida boshim ko‘kka yetgandi – deydi qariyb yuz yoshni qarshilayotgan Ahad Ochilov. – O‘sha quvonch va faxr hali ko‘nglimni chog‘ qilib turganda mana bugun yana mukofot va sovg‘alar oldik. Ming rahmat! Bizni e’zozlayotganlar omon bo‘lsinlar!
Yig‘ilganlar yurtimiz tinchligi, ezgu niyatlarimiz ijobati, farzandlarimiz baxtu kamolini so‘rab duo qilishdi.