insurez
01-09-2025 19:13

Mahalla – mustaqilligimiz tayanchi, xalqimizning suyanchi


“Mahalla – milliy qadriyatlarimiz gavhari, hamjihatlik va barqarorlik maskani.”

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan tantanali bayram tadbirlari Samarqand tumanida ham keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan tumanda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va bayramona yig‘ilishlar tashkil etildi.

Tantanali marosimda tuman hokimi S. Usmonov, tuman Mahalla uyushmasi raisi A. Umarov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N. Mavlonov, tuman Nuroniylar kengashi raisi S. Mardonov, shuningdek, mahalla raislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida mahalla institutining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, aholi turmush darajasini yuksaltirish va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda tutgan ahamiyati haqida so‘z yuritib, mahalla faollarining fidokorona mehnatini alohida ta’kidlashdi.

Davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga faxriy yorliqlar va munosib taqdirlovlar topshirildi. Bu esa ularning mas’uliyatli va sharafli xizmatlariga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi S. Usmonov shunday dedi:
— Mustaqilligimiz tufayli xalqimiz o‘z taqdirining chinakam egasiga aylandi. Mahalla tizimi esa mustaqilligimizning tayanchi, xalqimizning suyanchi sifatida jamiyatimizda beqiyos o‘rin egalladi. Siz, aziz mahalla faollari, hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlashda, xalqimizni birlashtirishda doimo peshqadam bo‘lib kelmoqdasiz. Barchangizni mustaqilligimizning 34 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va farovonlik tilayman!

Bayramona tadbir kuy-qo‘shiqlar, raqslar va shodon quvonchlar ila yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Mustaqillikning qadr-qimmati, yurtimiz taraqqiyoti va tinch-osoyishta hayotimizni chuqur his etgan xalqimiz tantanada ulkan g‘urur va iftixor bilan ishtirok etdi.

Teglar
- -