Nogironligi bor va imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlash qay holatda?
Samarqand tumani Matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob izlandi.
Anjumanda yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Sodiq To‘xtaev, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida tumandagi 6 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ular yashaydigan mahallalarida jamoat ishlariga, 3 nafari bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirishga ko‘maklashildi. Shuningdek, tumandagi 10 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkazga o‘qishga joylashtirildi.
Joriy yil davomida Samarqand tumanida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan 75 nafar nogironligi bor yoshlarga yordam berish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 67 nafar yoshlarimizga moddiy yordam berish, 8 nafar yoshlarga davolanish xarajatlarini qoplab berish maqsad qilingan.
Bundan tashqari yoshlarni iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Besh tashabbus” tadbirlaridagi faol ishtiroki uchun 5 nafar nogironligi bor iqtidorli yoshlarga kompyuter jamlanmalari taqdim etiladi.
Umumta’lim maktablarida jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan 89 nafar o‘quvchilar uyda yakka tartibda ta’lim olmoqda. Ulardan 38 nafari o‘g‘il va 54 nafari qizlardir. Uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga 89 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Yoshlarning chet tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarni inobatga olgan holda yoshlar agentligi tomonidan tashkil qilingan “Ibrat farzandlari” mobil ilovasi orqali nogironligi bor yoshlarga ham chet tillar bepul o‘rgatib kelinmoqda. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Mutolaa” loyihasi “Qo‘rqma” asari asosida olingan o‘tkir syujetli film namoyish etilmoqda.