insurez
23-05-2024 19:55

Oromgohlar mavsumga tayyormi?


O‘quv yili yakunlanishi arafasida shu savol kun tartibiga chiqishi tabiiy. Ko‘pchilik ota-onalar, ayniqsa, shaharda yashovchilar yozgi ta’til vaqtida farzandlari so‘lim tabiat qo‘ynida dam olishini istaydi. Bunday maskanlarda hordiq chiqarish bolalarning ham jonu dili.

Albatta, oilaviy tarzda tog‘li hududlarga yoki cho‘milish havzalariga borish, dam olish maskanlarida bir-ikki kun, boringki, bir hafta dam olish, tarixiy shaharlarga sayohatga borish yaxshi, bunga ham odatlanyapmiz. Lekin bolalarning shahardan tashqarida, tog‘ yonbag‘irlari yoki xushhavo maskanlardagi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bo‘lishining zavqi boshqacha baribir.

Viloyatimizda bu yilgi mavsumda shahardan tashqari 15 ta doimiy oromgohda 9610 nafar, 61 ta umumta’lim maktabida tashkil etiladigan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalarida to‘rt davra mobaynida 11020 nafar o‘quvchining dam olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatidan 300 nafardan ortiq bolajonlar kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan Samarqandda dam oldiriladi.

– Bolalarning yozgi dam olish mavsumi 10 iyundan boshlanishi ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Demak, hali 20 kun vaqt bor. Lekin biz doimiy oromgohlarni 1 iyunga qadar mavsumga shay holatga keltirishni maqsad qilganmiz. Hozir ham ayrim oromgohlarimizda qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari yakuniga yetgan bo‘lsa, boshqalarida jadal sur’atlarda davom etmoqda. Odatda, avvallari oromgohlar turli tashkilotlar tasarrufida bo‘lganda bu paytda endi tayyorgarlik yumushlariga kirishilar, hokimliklar tomonidan bir necha marta yig‘ilishlar o‘tkazilardi. Endilikda bolalar dam olish oromgohlari kasaba uyushmalari tizimiga o‘tgach, hamma ishni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilyapmiz. To‘g‘rida, o‘zimizning ishimiz, shundan manfaat ko‘ramiz, shunday bo‘lgach, burchimizni ham o‘z vaqtida bajarishimiz kerak.

Shuning uchun oromgohlar tasarrufimizga o‘tgach, kadrlar shaxsiy tarkibini tanlash va o‘z o‘rniga qo‘yishga ham jiddiy e’tibor qaratdik. Talabchan, sohada yetarlicha tajribaga ega va bolalar bilan ishlay oladigan shaxslar rahbarlikka tavsiya etildi.

Oromgohlarni mavsumga puxta tayyorlash, bolalarning maroqli dam olishlarini tashkil etishda asosiy yo‘nalishlardan biri ularni yuqori sifatli hamda kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hisoblanadi. Bu borada autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, oromgohlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli korxonalar bilan shartnomalar tuzilmoqda. Asosiy talab oromgohlarni o‘z vaqtida, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va oshxonalarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etilishidir. Ushbu yo‘nalishda ham qat’iy nazorat yo‘lga qo‘yilgan va tegishli komissiyamiz ishlaydi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 noyabrda qabul qilingan «Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan maktab ta’tillari davrida sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha yangi tizim joriy etilgan. Shuningdek, bolalarni sog‘lomlashtirish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhini shakllantirish ishlari sifatini yanada oshirish uchun departament tomonidan oromgoh direktorlari, katta tarbiyachi, tarbiyachi va yetakchilar uchun 12 kunlik namunaviy dasturni tushuntirish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish maqsadida oromgohlarda faoliyat yuritadigan 60 nafar tarbiyachi, 60 nafar yetakchi va qo‘shimcha 112 nafar zaxira pedagog ro‘yxati shakllantirilib, ular uchun viloyat «Barkamol avlod» bolalar maktabida o‘quv-seminarlari o‘tkazildi.

Ayni damda mavsumga tayyorgarlik doirasida oromgohlarning faqat yozda emas, balki yilning boshqa fasllarida ham faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Chunki ko‘rkam tabiat manzaralariga boy oromgohlarimizdan mavsumdan tashqari vaqtda ham foydalanish qo‘shimcha daromad topish va bu orqali dam olish maskanlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Buning natijasida yaqin yillarda bolalarning oromgohlarga qamrovini hozirgi 4-5 foizdan 15-20 foizga yetkazamiz.

Samarqand tumanidagi «Safedi» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 320 o‘ringa mo‘ljallangan. Yaqin yillargacha «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan oromgoh kasaba uyushmalari tasarrufiga o‘tgach,  bino va inshootlar ta’mirlanib, bolajonlar uchun qulay sharoit yaratildi.

– Oromgoh 4,2 gektar hududni egallaydi, – deydi muassasa rahbari Odil Uzoqov. – O‘tgan yil departament tomonidan barcha zarur jihozlar va idish-tovoq, choyshab va boshqa vositalar berildi, yotoqxonalar, cho‘milish havzasi ta’mirlandi. Hozirda hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshiryapmiz. Yaqin kunlarda oromgoh mavsumga tayyor holatga keladi.

Tumandagi «Kamalak jilosi», «Alpomish» oromgohlarida ham mavsumga tayyorgarlik yumushlari qizg‘in davom etayotganiga guvoh bo‘ldik.

Ushbu hafta yakunida maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. O‘quvchilar yozgi ta’tilga chiqadi va ularni oromgohlar o‘z bag‘riga chorlaydi.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat).

Teglar
- -