insurez
14-02-2025 18:16

Samarqand tajribasi: tomorqadan samarali foydalanish keng ommalashadi


Avval xabar qilganimizdek, bugun Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari mavzusida respublika ko‘rgazmali seminari o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, sharoiti og‘ir 71 tuman hokimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Markaziy bankning hududiy boshqarmalari boshliqlari, har bir hududdan 10 nafardan mahalladagi hokim yordamchilari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari Samarqand tumanidagi Sho‘rboicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida, Dehnav mahallasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha mahsulot yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. Ushbu mahallalarda Samarqand tumani hokimligi, Markaziy bank viloyat boshqarmasi rahbarlari tomonidan tomorqadan samarali foydalangan holda yiliga bir necha marta hosil olish, mahsulotni ichki bozorga va eksportga chiqarish, bozorda narx barqarorligini ta’minlash, mahallaning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

— 2019 — 2025 yillar davomida mahallada tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha fuqarolarga 3 milliard so‘m kredit ajratilgan, — deydi “Dehnav” MFY mahalla bankiri Azizbek Kamolov. — Shu asosda ko‘pchilik tomorqa yerlaridan samarali foydalanib, daromad topib kelyapti. Ayni paytda kreditlarni qaytarish bo‘yicha ham muammo yo‘q.

— Sho‘rboicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda mahsulot yetishtirish, Dehnav mahallasida tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlarni ko‘rib, tajriba orttirdik, — deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. — Yetishtirilayotgan mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish bilan birga eksportga ham chiqarish yo‘lga meni hayratlantirdi. Bulardan o‘rganish kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p ekan.

Seminar qatnashchilari Samarqand tumanidagi Qo‘shtamg‘ali mahallasi hududida, M-37 avtomobil yo‘li bo‘yida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi. Konigil mahallasi Siyobcha kanali bo‘yida olib borilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Samarqand tumanida tomorqa va dehqon xo‘jaligi yo‘nalishlarida aholini o‘qitish, yerga ishlov berish, mahsulotlarni yetishtirish va sotishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanayotgan “SAM AGRO CENTER” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishuv barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar yarmarkasi ham taassurotlarga boy bo‘ldi.

— Seminar doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda qatnashib aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishda Samarqand tajribasidan ko‘p jihatlarni o‘rgandik, — deydi Sirdaryo tumanining “Ulug‘bek” MFYdagi hokim yordamchisi Sardor Isarov. — Tomorqachilikni rivojlantirish, yerdan unumli foydalanish, agrotexnik tadbirlarni qanday qilib o‘z vaqtida bajarish bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lib, o‘zaro tajriba almashdik.

Qoradaryo bo‘yida joylashgan “Shirin” direksiyasida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyatida yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish, mahalla ixtisoslashuvi hamda “kompaniya — kooperativ — dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida kooperativlar tashkil etish mexanizmlari tahlil qilindi. “Sifatli va kafolatlangan mevali va tok ko‘chatlarni yetkazib berish tadbirlari”, “Aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash, tomchilatib sug‘orish tizimi orqali ekinlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishning afzalliklari” haqida ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazildi.

Respublika seminari aholi tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish va daromadlarini oshirish borasidagi ijobiy tajribalarni keng ommalashtirishda, pirovard natijada yurtdoshlarimiz turmush darajasi yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar
- -