Samarqand tumani bilan Xitoy Xalq Respublikasi Sichuan provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Xabaringiz bor Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlardan iborat bir guruh davlat xizmatchilari uchun Xitoyga 5 kunlik malaka oshirish dasturini tashkil etilgan edi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Sichuan provinsiyasining Iqtisodiy hamkorlik byurosi, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish departamenti va boshqa kator tashkilotlarda bo‘lishdi. Unda turli sohalarda hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xususan, Samarqand tumani hokimining birinchi o‘rinbosari F.G‘aniyev ishtirokida xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, tomonlarning amaliy hamkorligini rivojlantirish maqsadida qator kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, qishloq xo‘jaligi, fan va texnika, turizm va boshqa sohalarda har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi hamda hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari savdo ko‘rgazmalari va yarmarkalar kabi yirik tadbirlarda faol ishtirok etishga, ikki hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish uchun savdo-iqtisodiy va ilmiy-tadqiqot almashinuvlarini amalga oshirishga tayyorliklarini ma’lum qilishdi.