Samarqand tumani: o‘zgarishlar aholi farovonligini oshirmoqda
O‘tgan yil turli masalalar yuzasidan 8294 ta murojaat kelib tushgan va 5802 tasi qanoatlantirilgan. Albatta, bu jami murojaatlarning qariyb 80 foizga yaqinini tashkil qilmoqda.
Rost, shunga qaramasdan aholini rozi qilish, ular ko‘tarayotgan masalalarni hal qilishda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘p. Ammo iqtisodiyot sohasidagi erishilayotgan yutuqlar bu borada muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zotan, to‘qlik bo‘lgan joyda ahillik, xayru-baraka bo‘ladi.
Bu haqda gap ketganda o‘tgan yili ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, chakana savdo hamda qurilish ishlari hajmi 10,4 trillion so‘mni tashkil qilganini aytib o‘tish lozim.
Jumladan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 213 milliard, qishloq xo‘jaligi ishlari 2 trillion 827 milliard, chakana savdo aylanmasi 2 trillion 535 milliard so‘mni, jami xizmatlar 2 trillion 206 milliard, qurilish-pudrat ishlari 648 milliard so‘mni tashkil etdi.
Shunga qaramay 113 ming nafar iqtisodiy faol aholining 14,2 ming nafari (shundan 9,5 ming nafar MDH davlatlarida) migrant ekanligi e’tibor qaratadigan jihat. Ma’lumot o‘laroq aytish mumkin, tumanda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yil 50 million dollarlik 443 ta loyihani hisobiga 1178 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Ishsiz fuqarolardan 850 nafari kasbga o‘qitildi. Shuningdek, 14 231 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Darvoqe, xalq deputatlar tuman Kengashi qaroriga asosan “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 716 nafar fuqaroning mehnatga layoqatli ishsiz oila a’zolari bandligini ta’minlash uchun 2 milliard 295,8 million so‘mlik asbob-uskuna tarqatildi. Yoshlar jamg‘armasi mablag‘laridan 2197 nafar yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 milliard 500 million so‘m ajratildi.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun: tuman bo‘yicha 35 123 nafar pensiya va nafaqa oluvchiga bir oyda 38 milliard so‘m to‘lanadi. Ularning 25 771 nafari yoshga doir, 2 951 nafari nogironlik, 4 437 nafari ijtimoiy nafaqa, 1 964 nafari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi oladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 11 178 nafar kam ta’minlangan oilalarga 7 milliard so‘m moddiy yordam va bola puli to‘lanmoqda.
Investisiya va xorijiy kreditlar hisobiga 21 ta loyiha amalga oshiriladi
O‘tgan yilda 18 ta loyiha doirasida 25,9 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar o‘zlashtirildi. Ya’ni, 22,6 million dollarlik rejaga 115 foiz uddalandi.
Misol uchun, "INTRAMED" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish, mas’uliyati cheklangan jamiyat "SAMARQAND ARIA BARON" qo‘shma korxonasi tomonidan sendvich panel va metal konstruksiyalar, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "SAMFRUT" qo‘shma korxonasi qishloq ho‘jaligi maxsulotlarini qayta ishlash loyihasiga xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ jalb qilingan.
Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 114 million dollar bo‘lishi kutilmoqda. Natija 2023 yilning mos davriga nisbatan 440 foizni tashkil etadi. Asosiysi, jalb etilayotgan investisiya va xorijiy kreditlar hisobiga 21 ta loyiha amalga oshiriladi.
Investisiya – yangi ish o‘rni demak
O‘tgan yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida 3 trillion 436,1 milliard so‘mlik 113 ta loyiha amalga oshirilishi va 1835 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kerak edi. Amalda esa 4 trillion 327,8 milliard so‘mlik 152 ta loyiha ishga tushirilib, 2653 ta (reja 135 foiz) yangi ish o‘rni yaratildi.
Jumladan, "NURLI KELAJAK ISHONCH SERVIS" mas’uliyati cheklangan jamiyatining 787,5 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy savdo kompleksini barpo etish loyihasida 250 ta, "SAM RAFOAT TEKSTIL" mas’uliyati cheklangan jamiyatining 58 milliard so‘mlik matras va pokrival ishlab chiqarish fabrikasini qurish orqali 102 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilda qayd etilgan yo‘nalishlarida 4 trillion 650,8 milliard so‘mlik 163 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 2792 ta (o‘tgan yilga nisbatan 105 foiz) yangi ish o‘rni yaratiladi.
Eksport oshmoqda
Savol tug‘ilishi tabiiy, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan shuncha loyiha samarasi sezilyaptimi? Albatta, bu birinchi navbatda tumandan xorij bozorlariga chiqarilgan tovar va xizmatlar hajmida sezilmoqda. Misol uchun o‘tgan yilda 63 ta eksportyor korxona 33 dan ortiq davlatga 157 turdagi 71,8 million dollarlik sanoat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini eksport qilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida esa 19 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb qilindi. Ular Rossiya, Belorusiya, AQSH davlatlari xaridorlariga 7,9 million dollarlik mahsulot yetkazib berishdi. Umuman, eksport geografiyasi 3 ta yangi davlat - Saudiya Arabistoni, Yaponiya, AQSH hisobiga kengaydi. Shuningdek, 7 dan ortiq yangi tovar - yog‘ochdan yasalgan mebellar, har xil poyabzal, oziq-ovqat mahsulotlari, uy ro‘zg‘or buyumlari eksporti yo‘lga qo‘yildi.
Yil yakunigacha 107,5 million dollar qiymatidagi mahsulotlar xorij bozorlariga chiqarilishi kutilmoqda.
Qayd qilish lozim, tumanda 642 ta, shundan 4 ta yirik va 638 ta kichik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. “Drayver” tarmoqlari - tekstil va to‘qimachilik, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatida 468 ta korxona ishlab turibdi.
O‘tgan yilda 2 trillion 213,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda uning hajmi 2 trilion 463,5 milliard so‘mni tashkil etilishi kutilmoqda.
Taraqqiyot qurilishsiz bo‘lmaydi
Albatta, iqtisodiyot yuksalgani sari jamiyatda qurilish, bunyodkorlik ishlariga zarurat tug‘ilib, ehtiyojlar yuzaga chiqib boraveradi. Shu ma’noda joriy yil boshidan 77 kilometr yo‘l ta’mirlandi: shundan 61 kilometr dastur doirasida, qolgan 16 kilometrida ichki imkoniyat hamda mahallalar tashabbusi bilan asfalt, shag‘allashtirish hamda syement-beton yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, mahallalarda 35 ta yangi transformator o‘rnatilib, 165 kilometr elektr tarmoqlari tortildi hamda 102 ta transformator, 211 kilometr elektr uzatish liniyalari mukammal ta’mirlandi.
Tabiiy gaz quvurlarining 600 metri mukammal ta’mirlanib, 92 kilometri tozalandi. Shuningdek, 12 kilometr bo‘yoqlash, 34 kilometr yer osti gaz quvurlariing holati tekshirildi, 4 ta gaz taqsimlash punktlari mukammal ta’mirlandi.
Ichimlik suv ta’minoti bo‘yicha 13 ta suv ko‘tarish inshooti, qariyb 20 kilometr yangi ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 10 kilometri rekonstruksiya qilindi. 8 kilometr oqova suv tarmoqlari tortildi.
Ta’lim asosiy e’tiborda
Tumanda 53 ta maktab, 5 ta madaniyat markazi, 2 ta bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 193 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti (shundan 43 ta davlat, 136 ta oilaviy, 9 ta nodavlat, 5 DXSH)ga 16 875 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan.
2023 yil Investisiya dasturi asosida 2 ta maktabda qo‘shimcha bino qurildi. Joriy yilda 5 ta maktab ta’mirlanadi. Asosiysi, 17 ta maktabda zamonaviy kasb va ikkinchi xorijiy til to‘garaklari, chekka hududlardagi maktablarda o‘quv markazlar bilan hamkorlikda pulli til o‘rgatish va amaliy fanlar to‘garaklari tashkil qilinadi.
Qayd qilingan dastur asosida 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Joriy yilda esa 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlash ko‘zda tutilgan. 15 ta oilaviy, maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lmagan 3 ta mahallada (Sulfakabo‘tak, Xaymari bolo, Yangiravot) 2 tadan 25 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, qamrov 70,1 foizga yetkaziladi.
Sog‘liq – muhim boylik
Tumanda markaziy shifoxona, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinika 8 ta oilaviy shifokor punktlari faoliyat ko‘rsatib kelmokda.
O‘tgan yili tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida 4 ta yangi mahalla tibbiy punktlari tashkil etildi, 7 ta tibbiyot muassasa binosi kapital ta’mirlandi va 1 ta yangi oilaviy poliklinika tashkil qilindi.
Joriy yilda tibbiyot tashkilotlarida zamonaviy axborot texnologiya vositalarini yo‘lga qo‘yish uchun 372 ta kompyuter harid qilish, 10 ta yangi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarini tashkil qilish va tajribasini Samarqand tumanida joriy qilish maqsadida 5 nafar shifokorni xorijda malakasini oshirish belgilangan.
Drayvermas, lekin muhim tarmoq
Samarqand tumani haqida gap ketganda hududni qishloq xo‘jaligidan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chindan ham bugun hududda tomorqasi bor 51 257 oila 2 975 gektar yer maydoniga egalik qiladi. Bundan tashqari, tumanda 697 ta dehqon xo‘jaligining 154,5 gektar yer maydoni mavjud.
Joriy yilda aholi tomorqalaridan 2411 gektarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilib, 12 192 tonna mahsulot yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Aslida bugun an’anaviy dehqonchilik qilish katta qiyinchilikka sabab bo‘layotgan sir emas. Shu sabab tumanda issiqxona, bo‘libam ixchamlaridan foydalanishga juddiy ahamiyat qaratilmoqa. Xususan, o‘tgan vaqt davomida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida 4270 ta ixcham issiqxonalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, 84 ta issiqxona xo‘jaliklarining 110 gektar yer maydonida 250 nafar fuqaro limon, ko‘kat hamda pomidor, bodring yetishtirmoqda.
Aslida bu haqda alohida maqola tayyorlash, hatto kitob yozish mumkin. Shu sabab so‘zimizni shu yerda yakunlab turamiz.
Bahriddin XONKELDIYEV,
Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.