insurez
19-11-2024 16:10

Samarqand tumanida madaniyat markazi foydalanishga topshirildi


Davlatimiz Rahbarining Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida madaniyat, san’at va ijod sohalarini yanada rivojlantirish maqsadida har bir tuman va shaharda konsert, tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha berilgan topshiriqlaridan kelib chiqib, tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.

Shu jumladan, Samarqand tumani Ravonak mahallasidagi 67-Afrosiyob madaniyat markazida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugun ushbu markazdagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi, sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimi S.Usmanov mahallada mana shunday madaniyat markazining ochilishi aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarishda ulkan imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan kutubxona faoliyati ham e’tirof etildi. Tadbir davomida “Samarqand  ko‘hna  diyor” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Teglar
- -