insurez
25-09-2025 16:00

Samarqand tumanida veterinariya va chorvachilik bo‘yicha keng qamrovli seminar o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan “Veterinariya va chorvachilik sohasida kuzgi-qishki tadbirlarning amalga oshirilishi” mavzusida Samarqand tumani, Juyi-Soy mahallasida keng qamrovli seminar tashkil etildi.Tadbir Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Tursagatov Jaxongir, Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Amonov hamda tuman hokimi Sirojiddin Usmanov rahbarligida o‘tkazildi. Unda tuman va shahar veterinariya bo‘limlari boshliqlari, tashxis markazlari rahbarlari va sohaga oid mutaxassislar ishtirok etishdi.

Seminarda chorva mollari orasida uchraydigan yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning oldini olish, hayvonlarni identifikatsiya qilish, gidroponika usulida chorva ozuqasi yetishtirish hamda sun’iy urug‘lantirish jarayonlari amaliy ko‘rgazmalar orqali namoyish etildi. Ayni paytda viloyat bo‘yicha 16 ta bo‘lim va ularning tasarrufidagi 434 ta veterinariya uchastkasi faoliyat yuritib, chorvachilikda zarur emlash va profilaktik tadbirlarni olib bormoqda. “Mahallabay” hamda “Xonadonbay” tizimida tashkil etilgan 183 ta emlash guruhida 531 nafar mutaxassis tomonidan kuy­dirgi, quturish, nodulyar dermatit, oqsil, qorason kabi xavfli kasalliklarga qarshi emlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Seminar davomida ishtirokchilar tajriba almashib, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan muhokamalar o‘tkazdilar. Yakunda sohada samaradorlikni oshirish, epizootik barqarorlikni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ilg‘or uslublarni keng joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

👉 Hurmatli yurtdoshlar! Chorva hayvonlaringizni inson va hayvonlar uchun o‘ta xavfli kasalliklardan asrash maqsadida kuzgi emlash tadbirlarida faol ishtirok eting. O‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘lig‘iga befarq bo‘lmang!

Teglar
- -