Samarqandda “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilganligidan xabaringiz bormi?
Samarqand shahridan 12 km janubi-g‘arbda tabiat shaydolarini o‘ziga maftun etuvchi tabiiy go‘sha joylashgan. Mazkur maftunkor tog‘ hududining boshi Samarqand tumani Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqul mahallalari hududidan o‘tib, oxiri Tojikiston tog‘ tizmalariga tutashib ketadi.
Maskan avvaldan go‘zal tabiati, musaffo havosi sog‘lomlashtiruvchi va davolovchi xususiyatlarga egaligi tufayli bu yerda tashkil etilgan bir nechta bolalar oromgohi hamda dam olish joylari bilan mashhur edi. Endilikda, viloyatimizning turizm salohiyatidan oqilona foydalangan holda viloyatda eko, agro va ekstremal turizm turlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Samarqand tumanida umumiy maydoni 1 697 gektar bo‘lgan "Ohalik", umumiy maydoni 414 gektar bo‘lgan "Oqbo‘yro" hamda umumiy maydoni 2 545 gektar bo‘lgan "Mironko‘l" tog‘ turizmi loyihalaridan iborat bo‘lgan "Ohalik - Oqbo‘yro - Mironko‘l" turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi.
Hozirda hududda modulli va kapsulali joylashtirish vositalari, o‘tov va avtokemping lagerlarini barpo qilish, "ziplayn", "banji-jamping" va "zorbing" attraksionlari, kanatli park, dor yo‘llari, deltaplan va paraplan yoki havo sharida uchish hamda hududning turizm infratuzilmasini takomillashtirish ishlari bo‘yicha loyihalar keng ko‘lamda olib borilmoqda.