insurez
08-04-2024 11:06

Shaxsiy yer - daxlsiz  mulk


Muhtaram yurtboshimizning tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning eng avvalida yerlarni  xususiylashtirish va mulk daxlsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratila boshlandi. Eng muhimi, bu borada qator qonun va   farmonlar qabul qilindi. Zotan, yer va xususiy mulk kafolatlari barcha zamonlarda ham dolzarb bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib  qoladi. Xo‘sh, ushbu  masala bo‘yicha fuqarolar murojaati qonuniy  yechim topmoqdami?

"Gulobod tongi" gazetasi tahririyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat  kadastrlari palatasi Samarqand tuman filiali  rahbari  Sayyod Ro‘ziyev jurnalistlarning ana shu va boshqa savollariga to‘liq javob berdi.

- Tashkilotimizga joriy yilning birinchi chorakida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jami 1019 ta murojaat kelib tushdi, - dedi S.Ro‘ziyev. - Shulardan 582  tasi ijobiy  hal bo‘ldi, ammo 364 tasi huquqiy hujjatlari mavjud  bo‘lmaganligi sababli rad etildi. Ayni paytda 35 ta murojaat  o‘rganish  jarayonida, yana 32 tasi to‘lovga yuborilgan.

“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida"gi 2022 - yil 28-noyabrdagi O‘RQ-803 sonli qonuniga asosan tumandagi mavjud kuchmas mulk ob’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilab o‘tilgan.

Hozirgi vaqtda ko‘chmas mulk ob’ektlarini ro‘yxatga olish  ishlari elektron usulida olib borilmoqda. Ya’ni, dastlab ko‘chmas  mulk ob’ekti joylashgan hudud mutaxassislar tomonidan  xatlovdan o‘tkazilib, tegishli ma’lumotlar to‘planganidan so‘ng, kameral sharoitda ushbu ma’lumotlar tizimga yuklatilyapti. Zero, elektron tizimning afzalligi tahsinga loiqdir. Mazkur tizim ish  jarayonida qo‘lda bajarib bo‘lmas aniqlikni ta’minlaydi.

Hozirgi davra tezkor axborotlarni qabul qilish, ularning  dolzarbligini ko‘rsatishni faqatgina avtomatlashtirilgan tizim  kafolatlashi mumkin. Mazkur shaffof tizim qonunbuzarliklarning oldini olib, aholiga tezkor kadastr  xizmatlarini ko‘rsatishga  ham  yo‘l ochadi.

Xullas, tadbirkorlik uchun  ham, oddiy fuqarolar uchun ham  yer - katta xususiy mulk ekan, ularning daxlsizligini meyoriy xuquqiy hujjatlar bilan ta’minlashga majburmiz.

Teglar
- -