Taraqqiyotning ko‘rinmas kushandasiga qarshi birgalikda kurashaylik!
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning barcha asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimi yaratildi. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirishda milliy qonunlarga xalqaro umume’tirof etilgan huquqiy normalarni singdirish masalasiga alohida e’tibor berildi. Endigi masala ana shu normalarni hayotga izchil tatbiq etib, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishdan iborat.
Har qanday mamlakat yuksalishiga jiddiy to‘siq bo‘ladigan balo bu korrupsiya illati ekanligini barchamiz yaxshi anglaymiz. Chunki davlat va jamiyat boshqaruvini yanada demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi sohalarini liberallashtirish sharoitida davlat xizmatchilari tomonidan sodir etiladigan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar davlat hokimiyatining obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada, davlat hokimiyati faoliyati samaradorligining susayishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, ushbu illatga qarshi kurashish va barham berish masalasi bugun mamlakatimizda asosiy vazifalardan biriga aylandi.
Joriy yilning 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga, kelgusidagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida Korrupsiyani “jamiyat tanasidagi saraton” deb bejiz atamadi. Shu oddiygina o‘xshatishning o‘zi ham bu jinoyatning davlat va jamiyat uchun o‘ta xavfli ekanligini yana bir bor chuqurroq anglash imkonini berdi.Barchamizki yaxshi ma’lumki, korrupsiyaning keng quloch yoyishi jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, jumladan, resurslarning samarasiz taqsimlanishiga, investitsiyalarning kamayishiga, iqtisodiy rivojlanishning to‘silishiga, infratuzilma loyihalari va ijtimoiy dasturlar samaradorligining pasayishiga, keng jamoatchilik huquqlarining buzilishiga, ijtimoiy norozilikka, jamiyatdagi ishonchsizlikning ortishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois davlatimiz rahbari yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashda barcha yagona kuch bo‘lib harakat qilishi lozimligiga alohida urg‘u qaratdi. Bu borada ijobiy natijalarga erishish uchun mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik yagona maqsad atrofida birlashib, hamjihatlikda ish ko‘rishi lozimligini qat’iy ta’kidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda biz deputatlarning ishtirokimiz ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada xalq noiblari ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borib, ularning korrupsiya illatiga bo‘lgan nafratini, murosasiz munosabatini shakllantirishi lozim. Biz beparvolikka, loqaydlikka berilib taraqqiyotning ko‘rinmas kushandasiga qarshi saylovchilarimiz bilan birgalikda ayovsiz kurashmas ekanmiz, millatimiz kelajagiga, yurtimiz ravnaqiga o‘zimiz bolta uraveramiz. Buni zinhor unitmaylik!.
Baxtiyor Sharipov,
Xalq deputatlari Samarqand tumani Kengashi kotibiyati mudiri.