insurez
29-05-2024 19:03

Yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida olib borilayotgan ishlar ochiqlandi


Bugungi kunda tumanimizda 252 kilometr turli darajali yo‘llar bo‘lib, avtoulov va  piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida  muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, tuman IIB  JXX  YHX Bo‘linmasi xodimlari ham bu borada tunu kun sidqidildan mehnat qilib, xalqimiz osoyishtaligi, tinchligi va harakat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayapti, - dedi tuman IIB  JXX  YHX bo‘linmasi boshlig‘i Bahodir Xolmanov "Gulobod tongi" gazetasi tahririyatida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Tumanda 2024 yilning 4 oyi davomida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslanganda YTHlar soni 7 taga kamaygan.

Prezidentimizning 2022 yil 12 iyuldagi “2022 — 2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-316-sonli qarorida asosiy e’tibor – yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va har bir fuqaroning yo‘llarda hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan.

Alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, 60 ta banddan iborat 5 yilga mo‘ljallangan (2022-2026 yillar) “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturida yilma-yil ajratilgan va mas’ul ijrochilar ko‘rsatgan holda quyidagi 5 ta dolzarb yo‘nalish bo‘yicha aniq parametrlar bilan manzilli chora-tadbirlar belgilangan. Shu bilan birga, qabul qilingan normativ hujjatlar asosida joriy yilning 4 oyida bir qator amaliy ishlar ham olib borilmoqda.

Jumladan, tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturida belgilangan 164 ta yo‘l belgilari, maktablar oldida 56 ta tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari, 11 ta yo‘lko‘rsatkichlari o‘rnatildi, 245 ta eskirgan yo‘l belgilari yangisiga almashtirildi, 2 ta chorrahalarga svetofor qurilmalari, 4 ta piyodalar o‘tish joylariga tugmali svetoforlari o‘rnatildi, 5 ta chorrahalardagi svetofor qurilmalari rekonstruksiya qilindi, 147,6 km uzunlikdagi yo‘llarga yo‘l yotiq chiziqlari chizildi.

Shuningdek, viloyat IIB JXX YHXB ekspluatasiya-montaj bo‘limi tomonidan 20 ta maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari, 8 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida alohida gilamga chorraha tasviri tushirilgan hamda 20 ta mahallalar hududida 1095 m2 uzunlikdagi yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalari yo‘l yotiq chiziqlari chizilib, yo‘l belgi va svetofor qurilmalari bilan jihozlandi.

Tuman bo‘yicha mavjud 54 ta maktablarga Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari o‘z xizmat hududi bo‘yicha (kvadrat tizimi asosida) biriktirilib, maktab o‘quvchilari bilan ishlashi yo‘lga qo‘yildi. Sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining oxirgi 3 yillik tahliliga ko‘ra tumanda, 7 ta xavfli hududlar (xavfli yo‘l uchastkalari) o‘rganilib, avariya o‘choqlari aniqlandi. Kelgusida tuman hududida YTHlarining oldini olish borasida yo‘l xarita ishlab chiqildi. Yo‘l xaritada o‘tgan yil mobaynida bir joyda bir necha marta YTH sodir bo‘lgan joylarda 2024 yilning birinchi choragida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilanib olindi.

Umuman aytganda, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l transport hodisalarining oldini olishda nafaqat soha xodimlari balki,  barcha birdek mas’ullikni his etishi lozim. Chunki, yo‘l harakati tartib - qoidalariga rioya etish, bizlarga sog‘lom turmushni tuhfa etish barobarida ko‘plab ko‘ngilsiz voqea hodisalardan ham asraydi.

Toshpo‘lod YUSUPOV.

Teglar
- -