Uchrashuvda tuman hokimi va soha vakillari Samarqand davlat tibbiyot universitetida xalq tabobatini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan, xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida tan olindi. Hujjat tabiblarni tibbiyotning ilg‘or yutuqlari bilan tanishtirish, o‘qitish orqali ikki yo‘nalishni uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda turli dorivorlar bilan davolab noan’anaviy usullarda ish yuritayotgan tabiblarning soni 30 mingdan oshib ketdi. Respublikadagi mavjud 4250 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasalarning 516 tasida xalq tabobati usullari qo‘llanilmoqda.
Uchrashuv xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash bo‘yicha, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish, tibbiyot sohasida dolzarb bo‘lgan kasalliklar hamda muammolar bo‘yicha zamonaviy ma’lumot, bilimlarga ega bo‘lish va faoliyati davomida ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan muntazam tanishib borish kabi qator yo‘nalish bo‘yicha takliflar bildirildi.