Jaholatga qarshi ma’rifat. Samarqand tumanida bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?

Tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqotda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand tuman bo‘limi rahbari Isrofil Abdulhayirov shu xususida so‘z yuritdi.
- Insoniyat qadim-qadimdan buyon jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga intilib keladi, - deydi I.Abdulhayirov. - Chunki, unga qarshi kuch ishlatilsa, zo‘ravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan battarroq kuchayib ketishi mumkin. Jaholatga qarshi ma’rifat usuli hozirgi davrda, bashariyat taraqqiyot borasida juda ilgarilab ketgan XXI asr ibtidosida g‘oyat muhim kasb etmoqda. Buning sababi shundaki, eng kuchli ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqarilgan, Kurrai zaminni bir necha marta yo‘q qilib yuborishga qodir yadroviy bombalar zahirasi mavjud paytda o‘zaro zo‘ravonlik va jaholatga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘maydi.
Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikasiya manzarasidagi chuqur o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hammamizga ma’lumki har qanday kasallikning oldini olish uchun avvalo, kishi organizmida unga qarshi kurashuvchi immunitet hosil qilinadi. Shunday ekan biz yoshlar ongida ham ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbatimiz, qadimiy boy tariximizga, ota-bobolarimiz kabi o‘z dinimizga sadoqat tuyg‘ularini yanada shakillantirishimiz, kelajak avlodlarga yetkazib, kerak bo‘lsa, ularning ongida va qalbida mafkuraviy, ma’naviy immunitetni kuchaytirishimiz muhim o‘rin tutadi.
Samarqand tumanida ham mazkur ishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Asosan tadbirkorlar, vaqtincha ishsizlar, uy bekalari va yoshlarga ma’rifatning asl moyiyatini tushuntirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Bu ishlarda asosiy hamkorlarimiz tuman hokimligi hamda tumanda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar sanaladi. O‘tgan 2021 yilda tumandagi 54 ta ta’lim muassasalarida ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan maxsus videoroliklar namoyishi ham yetarlicha samara berdi.
Shuningdek, Ohalik, Parrandachilik, Sho‘rboicha, Chorshanbe kabi o‘ndan ortiq mahallalarda tashkil etilgan tadbirlarga 500 ga yaqin aholi ishtiroki ta’minlanib, mahallada uchrayotgan turli noxush vaziyatlar, ichkilikbozlikka ruju qo‘ygan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qayratish choralari ko‘rildi.
Muloqot davomida kelgusida amalga oshirilishi rejalartirilgan ishlar yuzasidan ham taklif va mulohazalar tinglandi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM