Tomorqa va issiqxona istiqbollari Samarqand tumanida rivojlanmoqda

Bugungi ochiq muloqotda tuman hokimning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sadullo Uzoqov shu haqda so‘z yuritdi.
Yurtoboshimiz tomonidan 2021 yil 16 dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-54-sonli qaror qabul qilingan va tomorqadan foydalanuvchilar uchun juda ham katta imtiyozlar berilmoqda. 
Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 100 bosh parranda, 5 — 10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, «dala do‘konlari» qurish, artezian quduqlarini qazish ichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilikni rivojlantirish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratilmoqda. Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tomorqa yer egalari bilan kooperasiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’yektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qilinmoqda. Shu bilan birga «xonadonbay» ishlash asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va hudud aholisining tajribasidan kelib chiqqan holda tomorqa xo‘jaliklarini «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish bilan daromadni ko‘paytirish belgilangan.
Tumanda tomorqa yer egalari soni 51.257 ta bo‘lib, 2975,0 gektar yer maydoni tashkil etadi. Dehqon xo‘jaliklar soni esa 697 ta bo‘li, 154,5 gektar yer maydoni tashkil etadi.
Ushbu dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari 2022 yilda yer uchastkalarida bahorgi (ertaki) qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilangan.
Shu bilan birga, Samarqand tumanida 2022 yilda 2065 ta xonadondan iborat 7 ta mahallani (Nayzateppa, Talibarzu, Jo‘yi Abbos, Do‘stlik, Dehnav, Dashtiobod, Jarqishloq) "Bir mahalla-bir mahsulot" tamoyili asosida ixtisoslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, tumanda faoliyat yuritayotgan 149 ta issiqxona xo‘jaliklari tomonidan 110 gektar yer maydonda issiqxonalar tashkil etilgan va limoniriya, ko‘katchilik hamda pomidor, bodring mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu issiqxon xo‘jaliklar tomonidan 250 nafar fuqarolar doimiy ish bilan ta’minlangan.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM