Ko‘chalarda avtoulov bilan bog‘liq noxush hollarning oldini olish uchun nima qilmoq kerak?

Biz ana shu savol bilan tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l patrul bo‘linmasi boshlig‘i, mayor A.Normamatovga murojaat qildik.

- Birinchi o‘rinda haydovchilar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish kerak, - dedi Alisher Hamzayevich, - sir emas, ayrim haydovchilar va piyodalarda  harakatlanish madaniyati nihoyat past.  Masalan, Belgiyada haydovchilik guvohnomasini olish va transport boshqarish oson emas. Ular puxta nazariy bilim olib, jiddiy imtihon topshiradi. Finlandiyada esa yo‘l transport hodisalari juda past darajada. Sababi, har bir fuqaro qonunlarga so‘zsiz amal qiladi. Yana yo‘lda harakatlanish madaniyati yuqori. Buyuk Britaniyada joriy etilgan yangi qoidalardan biri-harakatlanayotganda uyali  telefondan gapirish va sigaret chekish, ovqatlanish qat’iy taqiqlangan. Agar siz bu qoidalarni buzsangiz, 8 haftalik qamoq jazosini o‘tab chiqishga majbur bo‘lasiz. Qizig‘i, shundaki, yo‘llarda polisiya deyarli yo‘q va ularning o‘rnini zamonaviy foto va videokameralar egallagan. Yana bir misol, Amerika qo‘shma shtatlarida haydovchi va polisiya o‘rtasidagi tortishuvlar yuzaga kelsa, haydovchi qoidaga bo‘ysunmasa, u xuddi ashaddiy jinoyatchilardek ushlanib, jarima yoki qamoq jazosi olishi ham mumkindir.

Afsuski, o‘tgan yili tumanda 81-ta, yoki 2020 yilga nisbatan 28 foiz ko‘p yo‘l transport xodisalari sodir etildi. Natijada 101 nafar shaxs tan jarohati oldi va 39 nafar  halok bo‘ldi, ulardan 4 nafari bolalardir.

- Alisher Hamzayevich, kimlar tomonidan va qayerda yo‘l-transport hodisalari yuz berganini oshkora aytsangiz.

- Albatta aytish lozim, deb bilaman. Maqsad boshqalarga saboq bo‘lsin. Masalan, Ohalik mahallasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Erkinjon Hamroqulov 2021 yil 7-dekabr kuni boshqaruvida bo‘lgan "Damas" rusumli avtomashinasida piyoda, 2013 yilda tug‘ilgan Husan Shodiqulovni urib yuborib yo‘l transport hodisasini sodir qilgan. Haydovchi Yangiariq mahallasida yashovchi Nasriyev Xushbaxt Kamol o‘g‘li boshqaruvida bo‘lgan "Spark" avtomashinasini boshqarib borib, qarama qarshi tomondan harakat qilgan Andijoni mahallasi fuqarosi Xurshidjon Naj¬miyev "Matiz" rusumli  avtomashinasi bilan velosiped haydovchisi, voyaga yetmagan Samir Naimovni urib yuborgan. Arabxona mahalla fuqarosi Ravshan Ro‘ziqulov "Damas"  avtomashinasida piyoda Ashrafjon Bozorovni urib, yo‘l transport hodisasini sodir qildi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

- Yo‘l-transport  hodisalarining oldini olish uchun nima ishlar qilinmoqda?

- Xodimlarimiz tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilib, ayniqsa tungi vaqtlarda bemaqsad harakatlanib yurgan transport hamda motosikl haydovchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari, mast holda avtoulov boshqarmaslik,  markaziy ko‘chalarda kim o‘zariga "poyga"  uyushtirmaslik, turli  yoritish va ovoz chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatib, shovqin chiqarmasliklari to‘g‘risida  proflaktik suhbatlar va qoidabuzarlarga nisbatan esa tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmoqda. Shaxsan o‘zim juma namozi kuni Xoja Ahrori Valiy, Xoja Abdu Berun va boshqa jome’ masjidlarida chiqish qilib, qonunbuzarlar mast holda "temir tulpor" larga o‘tirishlari va jinoyat sodir etganlarini ochiqchasiga aytib berdim.

Shuningdek, korxona va tashkilotlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib,viloyat radio-televideniyesi orqali ko‘r¬satuvlar tashkil qilinmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Bugungi kunda qonunchiligimizda spirtli ichimlik iste’mol qilib avtotransport vositasini boshqarishga nisbatdan javobgarlik kuchaytirilgan bo‘lsa-da, lekin bu kabi salbiy hodisalar hamon tez-tez uchrab turibdi. Ulardan ayrimlari erkakchasiga aybini tan olmasdan xodimlarimizga  qarshilik ko‘rsatishadi, hatto ustimizdan yuqori tashkilotlarga uyalmasdan shikoyat yozishadi.

- Alisher Hamzayevich, sizning istaklaringiz?

- Avtoulov vositalari uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladigan beminnat ko‘makchidir. Keling, hammamiz yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilaylik va sog‘-salomat manzilimizga yetaylik.

Oq yo‘l, haydovchilar va piyodalar!

Shuhrat AZIZOV,

mayor, O‘zbekiston

Respublikasi qurolli kuchlari  kichik mutaxassislar

tayyorlash markazi texnik tayyorgarlik o‘qituvchisi.

Zohir HASANZODA,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining a’zosi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM