"Dala hovlida" yashovchilar nimadan norozi?

Tumanning chekka qishloqlaridan bo‘lgan Qorasuv mahallasining shimoliy-g‘arbiy qismida bir vaqtlar (sobiq Sho‘rolar davrida) shahardagi bir qator tashkilot, korxonalar tomonidan yer olinib, o‘zlarining ishchi-xizmatchilariga dala hovli qurish uchun taqsimlab berilgandi. Keyinchalik mazkur tashkilot va korxonalar tugatilib, faoliyati  to‘xtatildi. Xo‘sh, ularni ishchi-xizmatchilarining dala hovlilari nima bo‘ldi?

Keyin ular 3 ta uzumchilik va bog‘dorchilik shirkatiga ("Kinapoves", "Viktoriya", "Pchyolka") aylantirilib, ayni paytda u yerda 235 nafar fuqarolarning nomida dala hovlilar mavjud, - deydi Qorasuv MFY raisi Baxtiyor Saidov. - Shundan qariyb  60 ta xonadonlarda doimiy, qolganlarida esa mavsumiy, ya’ni bahor-kuz oylarida fuqarolar kelib yashaydi.

Bugungi kunda Qorasuv mahallasini obodonlashtirish bo‘yicha ishchi guruh shtabi tuzilgan, yaqinda ushbu hududda yashovchi bir guruh fuqarolar shtabga kelib tuman hokimiga shikoyat qilishdi. Aytishlaricha, u yerda hozirgi vaqtda ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan cho‘chqaxona, tovuqxona va molxonalar qurilgan, bu esa atrof muhitga juda salbiy ta’sir qilib, hududda yashaydigan aholi uchun tashvishli noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Chunki, atrof chiqindi-axlatlarga to‘lgan bo‘lib, ayniqsa, havo isishi bilan ulardan chiqayotgan badbo‘y hidlarga chidab bo‘lmaydi. Umuman, obodonchilik ishlari deyarli yo‘q va antisanitariya holati hukmron.

Biz ham mazkur shikoyat bo‘yicha mazkur hududga borganimizda gapning to‘g‘risi taajjubga tushdik. Chunki, uzumchilik va bog‘dorchilik shirkati deb nomlangan, nomi boru o‘zi yo‘q bu joyda na uzumzorlarni va na bog‘ni ko‘rdik. Shikoyatda keltirilgan faktlar asosligini hamda haqiqatdan ham shirkatlar ichida qoramollar, parranda va cho‘chqalar boqilayotganini guvohi bo‘ldik. To‘g‘ri, ishchi guruh tomonidan katta maydonni egallagan noqonuniy chiqindixona yo‘q qilingan. Biroq, shirkat ichida axlatlar, tevarak atrofda son-sanoqsiz egasiz itlar daydib yurgani, hududga olib boruvchi yo‘lga tosh-shag‘al to‘kilgan bo‘lsa-da, uydum chuqur bo‘lib yotganini ko‘rdik. Eng achinarlisi, u yerda istiqomat qilayotgan 15 nafarga yaqin bolajonlarni hududdan 1,5-2 km uzoqlikda Qorasuv mahallasidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga piyoda qatnab o‘qishlarini qanday izohlash mumkin. Axir, o‘qishga qatnaydigan bolalarga daydi itlar hujum qilib, shikast yetkazmaydi, deb kim kafolat beradi? 

Xullas, bugun ishchi guruh tomonidan bir qator obodonchilik ishlari  amalga oshirilayotgan bo‘lishiga qaramay, muammolar talaygina. O‘ylaymizki, sohaga mas’ul bo‘lgan idora, tashkilotlar mutassadilari ahvolni o‘rganib, o‘zlariga tegishli xulosa chiqaradilar va bartaraf etish choralarini ko‘radi.

P/S.: Tahririyat ushbu mavzuga yana qaytadi.

Toshpo‘lod YUSUPOV, Bekzod QODIROV

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM