Tuman hokimining o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Madina Barotova ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni hamda 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand tumanida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda, - dedi M.Baratova. - Xususan, tumanidagi 74 ta mahalladan 30 tasida tadbirkorlik va sog‘lomlashtirish markazlari ochilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mahallalardagi ushbu tadbirkorlik markazlari ishsiz, ishlash istagi bor xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minladi. Ayniqsa, 214 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishildi.
Misol uchun, tumandagi “Qavchinoni bolo” mahalla markazida ochilgan tadbirkorlik markazida 8 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Markazning yon qismidan ayollar sog‘lomlashtirish markazi ham ochilib, xotin-qizlar sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Bunday markazlarning sonini kengaytirish maqsadida yangi 2024 yilda yana 13 ta mahallada tashkil etilishi belgilangan.
Har bir olib borilayotgan ijobiy ishlar natijasida jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasbga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlashga erishilmoqda.