Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati tahlil qilindi

Samarqand tumani tibbiyot birlashmasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi hamda aholiga O‘zLiDeP dasturiy maqsad va vazifalarini tanishtirish maqsadida birlashma shifokor va hamshiralari ishtirokida jamoatchilik nazorat tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G‘ayrat Abdiyev, O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi apparat rahbari Ilhom Botirov ishtirok etib, tibbiyot sohasi bo‘yicha yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident Farmon va qarorlarining mazmun-mohiyatini tushuntirdi.

Shuningdek, aholiga tibbiy xizmatlar holati va bu boradagi islohotlar natijasi birlashma misolida tahlil qilindi.

Bugungi kunda Samarqand tumani tibbiyot birlashmasi 270 ming aholiga statsionar sharoitida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shoshilinch, rejali jarroxlik, tug‘ruq, ginekologiya, bolalar, anesteziologiya va reanimatsiya, yuqumli kasalliklar, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya, terapiya va 62 ta o‘ringa ega bo‘lgan reabilitatsiya bo‘limlari aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tumanda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinikalar va 8 ta oilaviy shifokorlik punktlari tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha 2023 yil davomida 88 nafar xodim malakasi oshirgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash vazirligining elektron poliklinika (MedHub) tizimini joriy qilish bo‘yicha mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan kerakli jihozlar xarid  qilingan, barcha muassasalarga yuqori tezlikdagi internet aloqasi o‘tkazilgan. Ko‘p tarmoqli markaziy polikinika va oilaviy poliklinikalarda (MedHub) tizimi orqali shifokorlar qabuliga elektron navbatda turish tizimi joriy qilingan.

Tahlil tadbirida deputatga mazkur shifoxonaning malakali vrachlari tomonidan takliflar kelib tushdi. Jumladan, shifoxona bosh hamshirasi, “Moturid” oilaviy shifokorlik punkti mudiri tumandagi oilaviy poliklinikalarda shifokor va hamshiralarni ko‘paytirish aynan bolalarni emlash, muolaja jarayonlarida hamshiralarga ehtiyoj borligini aytib amaliy yordam so‘radi. Tibbiyot birlashmasi bosh vrachining onalar va bolalar bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Yusupova maktabgacha ta’lim va xususiy bog‘chalar hamshiralarini nazoratga olish bo‘yicha aniq tizimni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi. Deputat Ғ.Абдиев bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi va bu masalalarga aloqador tizimlar rahbarlari bilan birgalikda yechim izlashini bildirdi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM